Jahon | 14:51 / 09.06.2022
8501
2 daqiqa o‘qiladi

Sadir Japarov: «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi keyingi yildan boshlanishi mumkin»

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘lidan tushadigan daromad Qumtor va Qambarota GES-1dan kam bo‘lmaydi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Jalolobod viloyati To‘qto‘g‘ul tumani aholisi bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda mazkur loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. 

«Agar bu jarayon kuzgacha yakunlansa, keyingi yildan yo‘l qurilishi boshlanadi. Agar uch davlat hamkorlikda ishlasa, bu yo‘l 3-4 yil ichida qurib bitkaziladi», — dedi Japarov. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisi Oqilbek Japarov mazkur loyihaning qurilishi joriy yil kuzida boshlanishi haqida xabar bergan edi. 

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘lini qurish tashabbusi 2000-yillarning boshlarida e’lon qilingandi, ammo o‘sha vaqtdan beri bu narsa amalga oshirilmadi. 

2002 yilda Pekin kelajakdagi tarmoqning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqdi va uning yo‘nalishini aniqladi. O‘sha g‘oyaga ko‘ra, yo‘l Torugart dovoni orqali Arpadan o‘tib, O‘zgan tumani orqali Qorasuv shahriga yetib borishi hamda u yerdan O‘zbekistonga olib borishi lozim edi. Uning umumiy uzunligi 268 kilometrni tashkil qilishi kerak bo‘lgan.

2017 yilda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston yo‘lini qurish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh tuzilgan, uni amalga oshirishning uch xil varianti haqida xabar berilgandi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid