So‘nggi yigirma yil ichida yuqori tezlikdagi temiryo‘llar ko‘plab davlatlar uchun strategik infratuzilmaning muhim qismiga aylandi. Ayrim mamlakatlar ularni ichki aviaqatnovlarga muqobil sifatida rivojlantirgan bo‘lsa, boshqalari iqtisodiy markazlar o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash maqsadida sarmoya kiritgan.

Xalqaro temiryo‘llar ittifoqi ma’lumotlariga asoslangan reytingga ko‘ra, yuqori tezlikdagi temiryo‘llar qatoriga soatiga kamida 200 kilometr tezlikda harakatlana oladigan yo‘lovchi poyezdlari qatnovi uchun mo‘ljallangan liniyalar kiritiladi. Bu toifaga Yaponiyaning mashhur «Sinkansen» poyezdlari ham mansub.

Reytingning mutlaq yetakchisi Xitoy bo‘lib, mamlakatdagi yuqori tezlikdagi temiryo‘llar tarmog‘i 40 493 kilometrga yetgan. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Ispaniya natijasidan o‘n baravardan ham ko‘proqdir.

Xitoyda mazkur sohaning jadal rivojlanishi 2000-yillarning oxirlarida boshlangan. Shundan beri mamlakatning deyarli barcha yirik shaharlari yagona tezyurar temiryo‘l tizimi orqali o‘zaro bog‘langan. Bugungi kunda magistrallar Guanchjou, Shanxay va Uhan kabi megapolislarni qamrab olgan. Tarmoq Xitoyning barcha provinsiyalariga, shuningdek Hongkonggacha yetib borgan. Faqat Makao hali mazkur tizimga ulanmagan.



Yevropada esa eng katta yuqori tezlikdagi temiryo‘l tarmog‘i Ispaniyaga tegishli. Mamlakatda qariyb 4 ming kilometrlik tezyurar magistrallar faoliyat yuritadi. Xususan, 2008 yilda ishga tushirilgan Madrid–Barselona yo‘nalishi havo qatnovlariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirib, atmosferaga chiqariladigan karbon gazi hajmini qisqartirishga xizmat qilgan.

Biroq Ispaniya modeli muayyan xususiyatlarga ham ega. Mamlakatdagi temiryo‘l tarmoqlarining katta qismi Madrid atrofida shakllangan bo‘lib, bu ba’zi hollarda mintaqalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri safarlarni murakkablashtiradi.

Tahlilchilarning qayd etishicha, yuqori tezlikdagi temiryo‘l infratuzilmasi asosan Yevropa va Osiyoda jamlangan. Dunyodagi eng yirik o‘nta tezyurar temiryo‘l tarmog‘ining sakkiztasi aynan shu ikki qit’ada joylashgan.