Afrika ittifoqi rahbari Kiyevni Odessa portlarini minalardan tozalashga chaqirdi
Agar Ukrainadan bug‘doy eksporti tiklanmasa, Afrika juda jiddiy ocharchilikka duch keladi, deya ogohlantirdi Maki Sal.
9 iyun, payshanba kuni Afrika ittifoqining raisi bo‘lgan Senegal prezidenti Maki Sal Kiyevni Ukrainadan don eksport qilish uchun Odessa portlarini minalardan tozalashga chaqirdi.
Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi fonida yuzaga kelgan don eksporti bilan bog‘liq muammolar tufayli Afrikada don narxi ko‘tarildi. Bu iqlim o‘zgarishi oqibatlariga yanada jiddiy ta’sir kuchi berdi va qit’ada ijtimoiy tartibsizliklar xavfini oshirdi, deb ta’kidlaydi AFP agentligi.
Jahon don eksportining 30 foizi Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi. Agar Ukrainadan bug‘doy eksporti tiklanmasa, Afrika qit’ani beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan juda jiddiy ocharchilik holatiga tushib qoladi, dedi Sal France 24 telekanali va RFI radiosiga bergan intervyusida.
Avvalroq Moskva Ukrainani Odessa portlari yaqinidagi suvlarni minalardan tozalashga chaqirgan edi. Biroq, Kiyev bu dushmanga portlarga hujum qilish imkoniyatini berishidan qo‘rqib, bundan bosh tortdi.
3 iyun kuni Maki Sal Sochida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Afrika ittifoqi rahbari France 24 va RFI’ga ushbu uchrashuvdan bir hafta o‘tib bergan intervyusida aytishicha, Rossiya prezidenti uni Rossiya Ukrainadan g‘alla eksportini cheklab qo‘ymasligiga ishontirgan. «Men hatto unga (Putinga) shunday dedim: ukrainlar aytishyaptiki, agar minalar tozalansa, sizlar portlarga kirasizlar. U yo‘q, kirmaymiz dedi, shunday kafolat berdi», — dedi Senegal prezidenti jurnalistlarga.
10 iyun kuni Sal Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashishi kerak. Kutilishicha, Afrika ittifoqi raisi undan YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini, xususan, Rossiya banklarini SWIFT global tizimidan uzib qo‘yishga oid sanksiyalarni bekor qilishda yordam berishni so‘raydi.
«Bizning banklarimiz asosan Yevropa banklari bilan bog‘langanligi sababli, ular Rossiyadan kelgan tovarlar uchun endi avvalgidek to‘lovni amalga oshira olmaydi», deb tushuntirdi Sal.
Mavzuga oid
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
21:24 / 13.11.2024
Kuraxovodagi ukrain garnizoni qurshovga tushishi mumkin. Frontdagi eng murakkab yo‘nalishlardan birida nimalar bo‘lmoqda?
18:53 / 13.11.2024
Boris Jonson Ukrainaga britan harbiylari yuborilishi shartini aytdi
14:54 / 13.11.2024