Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev BAA bilan sheriklikni rivojlantirish yangi yo‘nalishlarini taklif qildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitish dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazir Muhammad al-Gargaviy davlat rahbariga Amirliklar prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad Ol Maktumning salomini yetkazdi.
Birlashgan Arab Amirliklari hukumati Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohot va yangilanishlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani, uning samarali ro‘yobga chiqarilishida zarur ko‘makni ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.
“Keyingi yillarda O‘zbekiston-BAA munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini qayd etish joiz. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va investitsiyalar hajmi o‘smoqda. Jumladan, joriy yil boshidan o‘zaro savdo ikki barobarga ko‘paydi, mamlakatimizda 45 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi.
Iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirish va ilgari surish bo‘yicha ta’sirchan tizim asosida Amirliklarning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokida investitsiyalar hajmi qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan 17 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.
“Mubadala” kompaniyasi bilan hamkorlikda Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi bilan esa yurtimiz hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yetakchi “DP World” kompaniyasi bilan “Navoiy” multimodal xabi va iqtisodiy zonasini rivojlantirish, shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligi tizimini modernizatsiya qilish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.
Muzokaralar chog‘ida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi, “Bir million dasturchi” dasturi va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori faoliyati doirasidagi hamkorlik amaliy natijalari qayd etildi.
Innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlik qilish, muhim tarmoqlarni isloh qilish, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va zamonaviy kadrlarni tayyorlash yuzasidan muloqotni kengaytirish uzoq muddatli sheriklik yangi yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Qabul qilingan qarorlar va uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni to‘liq amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
09:38 / 07.04.2026
BAA, Kuvayt va Saudiya Arabistoni yana Eron hujumlariga duch keldi
19:54 / 21.03.2026
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligi tashabbusini 20 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi
23:11 / 18.03.2026
Erondagi urush Dubayning moliyaviy markaz sifatidagi maqomiga qanday ta’sir qilyapti?
22:29 / 18.03.2026