Submarinalar nizosi. Avstraliya va Fransiya atom suvosti kemalari tufayli chiqqan kelishmovchilikni hal qilishdi
Avstraliya va Fransiya suvosti kemalari yetkazib berish masalasida chiqqan bahsga barham berishning uddasidan chiqishdi, o‘tgan yil kuzida NATO safidagi ushbu ikki davlat munosabatlariga jiddiy putur yetgandi. Avstraliya hukumati fransuzlarning Naval Group konserniga submarinalar qurish bo‘yicha Parij bilan tuzilgan shartnoma bir tomonlama bekor qilingani uchun 550 mln yevro miqdorida tovon to‘lashga rozilik bergan.
2021 yil sentabrida Avstraliya kutilmaganda fransuzlar tomoni bilan shartnomadan voz kechgani haqida e’lon qilgandi, bu kelishuv doirasida Fransiya 36,5 mlrd dollarga 12 ta suvosti kemasi yetkazib berishi ko‘zda tutilgandi.
Parij bu qarordan qattiq norozi bo‘lgan, Kanberra va Vashingtondagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib olgan, Avstraliya hukumati harakati «ortdan pichoq urish» deb baholangandi.
Suvosti kemalari qayerga «suzib ketdi»?
Bitim buzilishiga AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliya ishtirokida AUKUS mudofaa alyansi (nomlanishda ishtirokchi davlatlarning bosh harflari olingan) tuzilishi sabab bo‘lgandi, shartnoma bekor bo‘lishidan bir necha kun oldin Jo Bayden, Boris Jonson va Skott Morrison ko‘pchilik uchun kutilmagan tuzilma haqida e’lon qilishgandi.
AUKUS - Ikkinchi jahon urushidan keyin bu davlatlar o‘rtasidagi tuzilgan eng yirik harbiy hamkorlik kelishuvdir. Bu shartnoma Avstraliya Amerika va Britaniya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘zi mustaqil ravishda suvosti atom kemalari ishlab chiqarishiga imkon beradi.
Avstraliya tomoni fransuz konserniga tovon puli to‘lash bo‘yicha qaror Parij va Kanberra o‘rtasidagi bahslarga uzil-kesil nuqta qo‘yishiga umid qilmoqda - fransuzlar YeI va Avstraliya o‘rtasidagi savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni buzish bilan tahdid qilib kelayotgandi.
Avstraliyaning yangi bosh vaziri, bu lavozimni bir necha hafta oldin egallagan Entoni Albaneze kompensatsiya to‘lanishini adolatli va barcha tomonlar uchun qanoatlantiruvchi deb hisoblaydi.
U tez orada jiddiy inqirozni boshdan kechirgan munosabatlarni «qayta tiklash» umidida Fransiyaga tashrif buyuradi.
Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu ham yoqimsiz epizodning hal etilishi tomonlarga o‘zaro munosabatlarning yangi, kelajak tomon qaragan sahifasini ochishga imkon berishini qayd etgan.
Xitoy norozi
Fransiya - AUKUS tuzilishidan yutqiziq pozitsiyasida bo‘lgan yagona davlat emas. Xitoy ham ushbu mudofaa ittifoqi tashkil etilishidan norozi bo‘lgan, lekin boshqa sabab bilan.
AUKUS a’zolari bayonotlarida Xitoy to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan bo‘lsa-da, ko‘plab ekspertlar ittifoq Pekinning Tinch okeanida o‘sib borayotgan ta’siriga qarshi turish uchun tashkil etilgani borasida yakdil fikr bildirgan.
Endi Avstraliya dunyoda suvosti kemalari ishlab chiqaradigan yettinchi davlatga aylangan.
Bundan tashqari, AQSh, Britaniya va Avstraliya o‘rtasidagi kelishuv sun’iy intellekt va boshqa mudofaa texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni ham qamrab oladi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024