O‘zbekiston | 15:11 / 13.06.2022
8966
2 daqiqa o‘qiladi

Inson a’zolari va to‘qimalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Senat yigirma yettinchi yalpi majlisida “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan so‘ng ko‘plab fuqarolar tomonidan buyrak va jigar transplantatsiyasi masalasida murojaatlar soni ortib borayotgani ta’kidlandi.

Qonunda transplantatsiya sohasida qonunchilik normalarini buzganlik uchun Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga, shuningdek, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi hamda “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, inson a’zolari va to‘qimalarini olish, transplantatsiya qilish belgilangan shartlari hamda tartibini buzganlik, vafot etgan odam a’zolarini yoki to‘qimalarini u tirikligida roziligini olmay turib, ilmiy yoki ta’lim maqsadlarida buzilmaydigan holda saqlash uchun olganlik, inson a’zolari va to‘qimalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanganlik, inson transplantatsiya qilinadigan a’zolarini va to‘qimalarini O‘zbekistondan tashqariga olib chiqqanlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ko‘pchilikni xavotirga solayotgan inson a’zolari va to‘qimalarini olish maqsadida odam o‘g‘irlaganlik yoki odam savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid