O‘zbekiston | 17:46 / 17.06.2022
22615
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel kelish xavfi e’lon qilindi

18-22 iyun kunlari 9 ta viloyatning tog‘li hududlarida yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida sel-suv toshqinlari yuz berishi xavfi bor. «O‘zgidromet» fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.

Foto: KUN.UZ

Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra 18-21 iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 18-23 m/s gacha, 20-21 iyunda esa 23-28 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang to‘zonlari kuzatilishi mumkin.

18-19 iyunda Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.

20-22 iyunda O‘zbekiston bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘ir va ayrim hududlarda do‘l yog‘ishi mumkin.

18-22 iyun kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:

  • Qashqadaryo viloyati: Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
  • Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobod tumanlarida;
  • Samarqand viloyati: Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
  • Navoiy viloyati: Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
  • Jizzax viloyati: Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
  • Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
  • Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
  • Farg‘ona viloyati: So‘x, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
  • Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonobod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

«Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan, dam oluvchilardan hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid