1960 yil 1 may kuni Pokistonning Peshavor shahridan AQSh harbiy havo kuchlariga qarashli U-2 razvedka samolyoti harbiy uchuvchi Frensis Pauers boshqaruvida havoga ko‘tariladi. Samolyot SSSRda razvedka ma’lumotlarini olib so‘ng Norvegiyaning Budyo shahrida joylashgan AQSh harbiy bazasiga borishni rejalashtirgandi.

Mazkur samolyot maxsus tayyorlangan bo‘lib, avval ham bir necha marta SSSR chegaralarini buzib kirgandi. Ammo u 24 ming metr balandlikda uchgani sababli sovet harbiy samolyotlari uni tutolmagan, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda zenit raketalari urib tushira olmagan.

Samolyot SSSR chegarasini tongda, soat 5:36 da Tojikiston janubidagi Kirovobod (hozirgi Panj) shahri yaqinidan buzib o‘tadi. So‘ng Stalinobod (Tojikiston poytaxti o‘sha paytda shunday atalgan) ustidan o‘tib O‘zbekiston hududiga kiradi.

Frensis Pauers parvoz qilgan samolyot
Foto: Alamy

Harbiy uchuvchi Frensis Pauers tomonidan boshqarilgan samolyot Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston tepasidan uchib o‘tib, O‘zbekistondagi shaharlar va boshqa muhim obektlarning fotosuratlarini oladi. So‘ng Orol dengizi ustidan o‘tib, Qozog‘iston hududiga kiradi.

Frensisga SSSRdagi shaharlar va harbiy obektlar qatori Boyqo‘ng‘ir kosmodromi hamda Semipalitinsk yadro sinovlari poligonining fotosuratlarini olish topshirig‘i berilgan edi. U Qozog‘istondagi ishini bajargach avval Chelyabinsk viloyati hududiga o‘tadi, so‘ng Sverdlovsk (hozirgi Yekaterinburg) shahri tepasida ucha boshlaydi.

Josus samolyot bu hududda Ozyorsk shahrida joylashgan, yadro qurollari uchun plutoniy ishlab chiqaruvchi Mayak zavodining fotosuratlarini olishi lozim edi. Zavod tepasiga yaqinlashgan Frensisning samolyotini tutish uchun havoga ikkita harbiy samolyot ko‘tariladi. Ammo ular yerdan 24 ming metr balandlikka chiqa olmaydi.

Frensis Pauers
Foto: stiintasitehnica.com

Ana shu joyda Frensis xotirjamlikka beriladi va samolyot 14 ming metrgacha pastlaydi. Vaziyatdan foydalangan sovet harbiylari uni «Yer-havo» rusumli raketa bilan urib tushirishadi. Birinchi va ikkinchi raketalar mo‘ljalga to‘g‘ri bormaydi. Uchinchisi esa samolyotning dum qismiga tegadi.

Frensis samolyot qulayotganda o‘zini xotirjam tutadi. Yerga 10 ming metrdan kam qolganda u samolyotni tark etadi. Yerga 5 ming metr qolganda parashyutni ochadi. Samolyot Sverdlovskdan 30 kilometr nariga qulaydi. Frensis esa sal nariroqqa tushadi. O‘sha zahoti uni mahalliy aholi vakillari qo‘lga olishadi.