Jahon | 20:37 / 20.06.2022
14748
1 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada rossiyalik deputatning ko‘chmas mulklari musodara qilindi

Barcha xonadonlar Myunhenda joylashgan bo‘lib, ularning ijarasidan deputatning hisobraqamiga oyiga 3,5 ming yevroga yaqin pul tushgan.

Foto: Sven Hoppe, dpa

Myunhen prokuraturasi Rossiya fuqarosining uchta xonadonini musodara qildi va bankdagi hisobraqamlarini xatladi, deb ma’lum qildi katta prokuror Anne Lyayding.

Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, bu Germaniyada nafaqat hisobraqamlar, balki ko‘chmas mulklar ham muzlatib qo‘yilgan birinchi holat hisoblanadi.

Qayd etilishicha, ko‘chmas mulklar 23 fevral kuni YeI sanksiyalariga tushgan davlat dumasi deputati va uning xotiniga tegishli. Süddeutsche Zeitung gazetasining yozishicha, u KPRF a’zosi hisoblanadi, deputatning ism-sharifi oshkor qilinmagan.

Barcha xonadonlar Myunhenda joylashgan bo‘lib, ularning ijarasidan oyiga 3,5 ming yevroga yaqin pul tushgan, deya ma’lum qildi prokuratura vakili.

Gazetaning yozishicha, deputat va uning xotiniga sanksiyalarni buzganligi bo‘yicha ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda. Agar ular Germaniyaga kelsa va sudlansa, besh yilgacha qamalishlari mumkin.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid