Jahon | 07:41 / 20.06.2022
13138
2 daqiqa o‘qiladi

Makron koalitsiyasi Fransiya parlamentidagi mutlaq ko‘pchilikdan mahrum bo‘ldi 

Fransiya Milliy assambleyasiga o‘tkazilgan saylovlarning dastlabki natijalariga ko‘ra, liberallarning «Birga!» koalitsiyasi birinchi o‘rinni egalladi, lekin mutlaq ko‘pchilikka ega bo‘lolmadi.

Foto: Picture Alliance

Fransiyadagi parlament saylovlarining ikkinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra, prezident Emmanuel Makron atrofida tuzilgan «Birga!» koalitsiyasi Milliy assambleyadagi mutlaq ko‘pchilikni yo‘qotib, 210-250 o‘ringa ega bo‘lyapti. Ifop jamoatchilik fikri institutining 19 iyun, yakshanba kuni kechqurun e’lon qilingan prognozlari shundan dalolat bermoqda.

Shu bilan birga, Makron koalitsiyasi saylovlarda hamon birinchi o‘rinni egallab turibdi. Ayni paytda uning asosiy raqobatchisi - Jan-Lyuk Melashon boshchiligidagi so‘l «Yangi xalq ekologik va ijtimoiy ittifoqi» bloki ikkinchi o‘rinni egallashi va Fransiya parlamenti quyi palatasida 150-180 o‘rin olishi kutilmoqda. 

Marin Le Penning «Milliy birlashuv» partiyasi saylovlarning ikkinchi bosqichida 80 dan 100 tagacha o‘ringa ega bo‘lmoqda. Bu o‘ng qanot populistlarga Milliy assambleyada o‘z fraksiyasini shakllantirish imkonini beradi. 

O‘ng markazchi «Respublikachilar» partiyasi 60-70 o‘rin olishi taxmin qilinmoqda. 

Makron nuqtayi nazariga qaraganda, bunday saylov natijasini muvaffaqiyatli deb hisoblash qiyin. An’anaga ko‘ra, Fransiyada prezidentlik saylovlaridan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ovoz berish natijalariga davlat rahbarining saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining o‘ziga xos tasdig‘i sifatida qaraladi. 

Mavzuga oid