O‘zbekistonda 2019 yilda 177 ta, 2020 yilda 161 ta, 2021 yilda 91 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu turdagi jinoyatlar so‘nggi uch yilda deyarli 50 foizga kamaygan. Bu haqda Aksilkorrupsiya agentligi matbuot kotibi Durdona Ochilova ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2022 yilning 5 oyi davomida 17 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu – o‘tgan 2021 yilning 5 oyiga nisbatan (2021 yilning 5 oyida 57 taga pora olish jinoyati sodir etilgan) 40 taga kam.
Misol uchun, 2020 yilda 118 ta og‘ir (JKning 210-moddasi 2-qismi), 13 ta o‘ta og‘ir (JKning 210-moddasi 3-qismi) darajadagi pora olish jinoyatlari, 2021 yilda esa 62 ta og‘ir, 6 ta o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyatlari sodir etilgan.
2021 yilda og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 56 taga, o‘ta og‘ir darajadagi pora olish jinoyati 7 taga kamaygan.
2021 yilda respublika bo‘yicha 91 ta pora olish jinoyati sodir etilgan bo‘lib, 91 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
2021 yildagi pora olish jinoyatlari hududlar kesimida:
- Toshkent shahrida – 18 ta;
- Toshkent viloyatida – 13 ta;
- Jizzax viloyatida – 9 ta;
- Andijon viloyatida – 8 ta;
- Qashqadaryo viloyatida – 8 ta;
- Surxondaryo viloyatida – 7 ta;
- Samarqand viloyatida – 5 ta;
- Buxoro viloyatida – 4 ta;
- Namangan viloyatida – 4 ta;
- Farg‘ona viloyatida – 4 ta;
- Xorazm viloyatida – 4 ta;
- Sirdaryo viloyatida – 3 ta;
- Navoiy viloyatida – 2 ta;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 2 ta.
Pora olish jinoyatlarining 10 tasi viloyat, 81 tasi tuman-shahar miqyosidagi davlat tashkilotlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan.
Qayd etilishicha, 2021 yilda respublika miqyosidagi davlat tashkilotlarida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan pora olish jinoyatlari sodir etilgani aniqlanmagan.







