O‘zbekiston | 13:09 / 21.06.2022
5814
3 daqiqa o‘qiladi

HET: “Gazli”dagi avariyaviy holat “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi hududda sodir bo‘lgan

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Gazli-2” elektr uzatish tarmog‘idagi avariya haqidagi xabarga raddiya berdi. Qayd etilishicha, nosozliklar tarmoqning Buxoro HETK balansidagi qismida emas, “O‘zbekneftgaz”ga qarashli Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan tasarruf etiluvchi qismida sodir bo‘lgan.

 Foto: “O‘zbekneftgaz” AJ

19 iyun kuni soat 06:25da “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari" AJga qarashli “Gazli-1” 110 kV havo liniyasida elektr energiyasining qisqa muddatli o‘chishi sodir bo‘lgan edi.

Bu haqda ma’lum qilgan “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmatiga ko‘ra, hodisa oqibatida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “G‘arbiy” kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregati, gazni oltingugurtdan tozalovchi 3 ta texnologik qurilma va bu qurilmalarga issiqlik energiyasini yetkazib turgan 5ta bug‘ qozonlari me’yoriy ish rejimidan avariyaviy holatga o‘tib qolgan.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, avariyali uzilishlar kuchli shamol natijasida yuzaga kelgan. Qo‘shimcha qilinishicha, nosozliklar “Buxoro HETK” AJ hisobidagi elektr uzatish tarmog‘ida emas, balki Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan tasarruf etilgan hududda sodir bo‘lgan.

“Uzilish sabablarini aniqlash va yuzaga kelgan holatni bartaraf qilish maqsadida dastlabki o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Xususan, umumiy uzunligi 160 km.dan ortiqni tashkil qiluvchi “Gazli-2” 110 kVli elektr uzatish tarmog‘ining “Buxoro HETK” AJ hisobidagi 117 km elektr uzatish tarmog‘ida yuqoridagi holatga tegishli, ya’ni avariyali uzilishlar kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi kamchiliklar aniqlanmagan. Elektr uzatish tarmog‘ining qolgan 43 km qismi esa Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan tasarruf etiladi.

Kelgusida bu kabi holatlar sodir bo‘lmasligining oldini olish uchun “Gazli-2” 110 kV elektr uzatish tarmog‘ining Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tegishli qismini ham atroflicha ko‘rikdan o‘tkazish maqsadga muvofiqligini bildiramiz.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “O‘zbekneftgaz” AJdan avariya hodisasi tafsilotlarini to‘liq va atroflicha o‘rganmasdan, yuqoridagi kabi asossiz ma’lumotlar tarqatmaslikni so‘rab qoladi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Mavzuga oid