“O‘zbekneftgaz”: Elektr tarmoqlarida elektr ta’minotining uzilishi tufayli tabiiy gaz qazib chiqarish va qayta ishlash qurilmalari avariyaviy holatda to‘xtadi
Joriy yilning 19 iyun kuni soat 06:25 da “O‘zbekneftgaz” AJ ishlab chiqarish obektlarini ta’minlab turgan O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari" AJga qarashli "Buxoro"-220/110/35 kV podstansiyasidan tarmoqlangan "Buxoro Hududiy elektr tarmoqlari" AJga tegishli "Gazli-1" 110 kV havo liniyasida elektr energiyaning qisqa muddatli o‘chishi sodir bo‘ldi.
Buning natijasida, jamiyat tasarrufidagi “Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ga qarashli “G‘arbiy” kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregati, 3 ta gazni oltingugurtdan tozalash texnologik qurilmalari va texnologik qurilmalarga issiqlik energiyasini yetkazib turgan 5 ta bug‘ qozonlar me’yoriy ish rejimidan avariyaviy holatda to‘xtadi.
Ushbu holat “Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi” tomonidan qazib chiqariladigan va ishlab chiqarilayotgan uglevodorodlar hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, 300 ming kub metr tabiiy gaz, 150 tonna gaz kondensati, 100 tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari qazib va ishlab chiqarilmasligiga olib keldi.
Bu esa o‘z navbatida, “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlari orqali O‘zbekiston respublikasida faoliyat olib borayotgan yirik turdagi va ulgurji iste’molchilarga tabiiy gazni o‘z vaqtida yetkazib berishda uzilishlarga, tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlarining buzilishiga sabab bo‘ladi.
Elektr ta’minoti qayta tiklangandan so‘ng, boshqarmaning malakali mutaxassislari tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida to‘xtab turgan gaz haydash agregati, texnologik qurilmalar va bug‘ qozonlari birin-ketin ishga tushirildi.
Hozirda texnologik qurilmalarni to‘liq ish rejimida ishlashini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy ishlar olib borilmoqda va “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi bosqichma-bosqich tiklanmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ obektlarida elektr ta’minotining o‘chib-yonishi natijasida, Jamiyat tasarrufidagi boshqarma va zavodlarning texnologik qurilmalariga jiddiy zarar yetkazibgina qolmay, qimmatbaho hisoblanuvchi texnologik uskuna va qurilmalarning ishdan chiqishiga, ulardan foydalanish muddati keskin qisqarishiga sabab bo‘lmoqda.
Birgina, joriy yilning 17 iyun kuni “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ga qarashli obektlarida elektr ta’minotining qisqa muddatga o‘chib yonishi natijasida, to‘xtab qolgan texnologik qurilmalarni qayta ishga tushirish va normal ish rejimiga olib chiqish ishlariga 2 kun vaqt sarflandi.
Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi boshqarmalar va korxonalar tomonidan jami 6,9 mln kub metr tabiiy gaz, 430 tonna gaz kondensati, 171 tonna suyultirilgan gaz, 22 tn. polietilen mahsulotlari qazib olinmadi va ishlab chiqarilmadi.
Elektr ta’minoti bilan bog‘liq ro‘y berayotgan bunday uzilishlar sabab, Jamiyat tomonidan qazib olinadigan va ishlab chiqarilayotgan uglevodorodlar hajmlarining keskin kamayishiga, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan prognoz ko‘rsatkichlarning o‘z vaqtida bajarilmasligiga olib kelmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
18:04 / 14.09.2024
Yirik energetika korxonalarining soliq to‘lovlari keskin qisqarishda davom etmoqda
21:27 / 05.09.2024
GTL zavodining davlatga soliq tushumi 2 barobarga kamaygani ma’lum bo‘ldi
20:27 / 29.08.2024
Yirik energetika korxonalari soliq to‘lashni keskin kamaytirdi
13:59 / 29.08.2024