YeI diplomatiyasi rahbari: Rossiyaning Litvaga qarshi ayblovlari targ‘ibotdan boshqa narsa emas
Jozep Borrel Rossiyaning Kaliningrad transport blokadasi borasidagi tanqidini rad etib, Litva bir tomonlama cheklovlar o‘rnatmaganini aytdi.
Kremlning Litvaga Rossiya asosiy qismi va Kaliningrad oblasti o‘rtasidagi temiryo‘l tranzitini bir tomonlama to‘sib qo‘ygani haqidagi ayblovlari «targ‘ibotdan boshqa narsa emas», dedi Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel. «Litva hech qanday bir tomonlama milliy cheklovlarni o‘rnatmadi», dedi u 20 iyun, dushanba kuni Lyuksemburgda Yevropa ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Borrelning ta’kidlashicha, Yevroittifoq sanksiyalari Rossiyaning ayrim tovarlariga va «bu tovarlarning Yevropa ittifoqi hududi orqali tranzitini ta’minlashga» taalluqlidir. Litva Yevrokomissiya bilan maslahatlashgan holda harakat qilmoqda, dedi u. Shu bilan birga, Yevropa ittifoqi Vilnyusga taqdim etilgan ko‘rsatmalarning «to‘liq muvofiqligini» tekshiradi.
Avvalroq Kreml Litvaning Kaliningrad oblastiga Yevropa ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lgan tovarlar tranzitini to‘xtatish haqidagi qarorini noqonuniy deb atagandi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga yaqin kunlarda vaziyatni tahlil qilib, keyin javob choralarini ko‘rishga va’da berdi. «Bu qaror haqiqatdan ham misli ko‘rilmagan, hamma narsani buzishdir», dedi u.
18 iyunga o‘tar kechasi Litva temiryo‘llari Kaliningrad oblastiga tranzit qatnovini, shuningdek, Yevropa ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lgan katta miqdordagi tovarlarni eksport qilishni to‘xtatdi. Kaliningrad oblasti gubernatori Anton Alixonovning so‘zlariga ko‘ra, yuklarning 40-50 foizi, jumladan, qurilish materiallari va metallar temiryo‘l tranziti bo‘yicha taqiq ostida qolgan.
Mavzuga oid
10:38 / 11.11.2024
Toshkentda O‘zbekiston-Litva biznes-forumi o‘tkazildi
10:30 / 31.10.2024
Borrel: YeI RFdagi siyosiy qatag‘on qurbonlarini unutmaydi
14:00 / 30.10.2024
Borrel Gurjiston saylovlari bo‘yicha «shaffof tekshiruv»ni talab qildi
08:40 / 29.10.2024