O‘zbekiston-AQSh: Hamkorlik va sherikchilik aloqalari rivojlanyapti
So‘nggi yillarda O‘zbekiston-AQSh munosabatlari tobora chuqurlashib, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Buni shu oyning o‘zida ikki davlat rasmiylari tashriflarining soni keskin oshgani va erishilayotgan kelishuvlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Xususan, 15–17 iyun kunlari Oliy Majlis Senati raisi – Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Qo‘shma Shtatlariga tashrif buyurib ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdi.
Dastlab Senat raisi AQSh davlat kotibining fuqarolar xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Uzra Zeya bilan uchrashdi. Suhbatda tomonlar mamlakatda majburiy mehnatga barham berish, odam savdosining oldini olish va unga chek qo‘yish, ayollar va gender tenglik, OAV faoliyati masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, AQSh rasmiysi Davlat departamentining odam savdosi to‘g‘risidagi ma’ruzasida O‘zbekistonning o‘rni “nazorat ostidagi ro‘yxat”dan ikkinchi darajaga (TIER-2) ko‘tarilgani bilan qutlab, ushbu harakatlar davom ettirilishiga umid bildirdi.
Tanzila Norboyeva, shuningdek, AQSh Kongressidagi O‘zbekiston bo‘yicha kokus rahbarlari – kongressmenlar demokrat Visente Gonsales va respublikachi Trent Kelli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kongressmenlar AQSh Kongressining O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus rezolyutsiyasi hammualliflari bo‘lishga chaqirishni davom ettirishini ta’kidladi.
“Hozirgi vaqtda bizda 21 ta ovoz bor va ushbu hujjat AQSh Kongressi tomonidan ma’qullanishi uchun bizni yana to‘rt nafar kongressmen qo‘llab-quvvatlashi kerak. Rezolyutsiya mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan qabul qilinishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solishga tayyormiz”, degan Trent Kelli.
Amerikalik qonun chiqaruvchi AQSh Kongressi O‘zbekistonga nisbatan “Jyekson-Venik” tuzatishini qo‘llashni tugatish haqidagi qonun loyihasini qabul qilishga sodiq ekaniga ham ishontirdi. Bu juda muhim, chunki bu ikki mamlakat o‘rtasida savdo sohasida kamsitmaydigan normal munosabatlar o‘rnatilishiga yordam beradi.
Tashrif chog‘ida o‘zbek delegatsiyasi Kongress kutubxonasiga “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasidan kitoblar to‘plamini topshirdi.
- Avvalroq, Kun.uz'ga intervyu bergan Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham AQSh parlamentidagi O‘zbekiston bo‘yicha kokusning ahamiyati haqida so‘zlagan edi.
Safar davomida O‘zbekiston rasmiylari bilan uchrashgan AQSh Moda industriyasi uyushmasi (USFIA) prezidenti Juliya Xyuzga ko‘ra, an’anaviy bozorlardan yetkazib berish zanjirlari o‘zgargan sharoitda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchi yetakchi mamlakatga aylanish salohiyatiga ega.
Tanzila Norboyeva Oq uyning Gender siyosati kengashidagi katta maslahatchisi Reychel Fogelshteyn va Davlat departamentining Xotin-qizlarning global ishlari bo‘yicha idorasi direktori Katrina Fatovat bilan ham muzokaralar o‘tkazdi. Davlat departamenti vakili O‘zbekistonda “C5+1” ayollar biznes-forumini AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi va ishbilarmon ayollari ishtirokida o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
AQSh ancha vaqtdan buyon O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirib kelmoqda. Jumladan, 18 iyul kuni Vashingtonda Tanzila Norboyeva va AQSh savdo vakili o‘rinbosari (USTR) Kristofer Uilson o‘rtasidagi uchrashuvda ham bu ta’kidlangan.
“Uilsonning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiq. Shu munosabat bilan u Amerika tomoni O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruhning 5-majlisida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Ushbu jarayonning murakkabligini tan olgan holda K.Uilson bu masalada Amerika tomoni doimiy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi”, deyiladi rasmiy relizda.
Bundan tashqari, savdo vakili o‘rinbosari USTR Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi savdo va investitsiyalar bo‘yicha Doiraviy bitim (TIFA) doirasida umumiy ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.
AQSh Mehnat vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar 2 million dollarlik “O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish” loyihasining amalga oshirilishini muhokama qilgan.
AQSh bilan siyosiy munosabatlardan tashqari boshqa yo‘nalishlarda ham munosabatlar ancha faollashgan.
Masalan, ayni kunlarda AQShda bo‘lib turgan AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish va hamkorlik masalalarida Apple, VISA, Plug and Play, Coursera kabi yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Shuningdek, vazir USAID, Jahon banki vakillari hamda Silikon vodiysidagi vatandoshlar bilan ham uchrashgan.
Bundan tashqari, yaqinda O‘zbekistonga AQSh Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla tashrif buyurib, prezident Shavkat Mirziyoyev, Xavfsizlik kengashi va Mudofaa vazirligi mulozimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
22:44 / 13.11.2024
Tramp ma’muriyatida Ukraina bo‘yicha maxsus vakil bo‘ladi - OAV
22:14 / 13.11.2024
Tramp lavozim taqsimlamoqda: Pentagon jurnalistga, Maskka yangi departament
15:44 / 13.11.2024