Shols Rossiya ishtirokidagi G20’ni saqlab qolishga chaqirdi
«G20 o‘z rolini o‘ynashda davom etishi kerak», - dedi Germaniya hukumati rahbari. Shu bilan birga, Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishi haqida berilgan savolga aniq javob qaytarmadi.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushiga qaramay, Germaniya kansleri Olaf Shols «katta yigirmatalik» (G20) formatini saqlab qolish tarafdori ekanini aytdi. «Bir narsa aniq: G20 o‘z rolini o‘ynashda davom etishi kerak», dedi Germaniya hukumati rahbari 27 iyun, dushanba kuni ZDF media kompaniyasining «Morgenmagazin» dasturida. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Bavariyadagi Elmau saroyida bo‘lib o‘tayotgan «katta yettilik» sammiti ishtirokchilari «G20’ga hujum qilmaslik» umumiy istagini bildirishgan.
Shols Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara stoliga o‘tiradimi, degan savolga aniq javob bermadi. «Biz jo‘nab ketishdan biroz oldin qaror qabul qilamiz, chunki bu vaqtga kelib dunyodagi vaziyat o‘zgarib ketishi mumkin», dedi kansler.
Rossiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni o‘rin olgan qudratli iqtisodiy kuchga ega davlatlar va hukumatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti noyabr oyida Indoneziyada bo‘lib o‘tadi. Sammitda mamlakat rasmiylarining taklifiga binoan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etadi.
Avvalroq Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen ham Rossiya prezidentini izolyatsiya qilish istagi tufayli G20formatini yo‘q qilishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edi. Siyosatchining fikricha, agar Putin joriy yilning noyabr oyida G20 sammitida ishtirok etishga qaror qilsa ham, bu tadbirni boykot qilish uchun sabab bo‘lmasligi kerak. «Biz butun G20’ni «falaj» qilyapmizmi yoki yo‘qmi, buni juda ehtiyotkorlik bilan o‘ylab ko‘rishimiz kerak, shuning uchun men boykotni qo‘llab-quvvatlamayman. Menimcha, G20 juda muhim, jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun, biz Putinga bu organni yo‘q qilishga yana imkon bermasligimiz kerak», dedi fon der Lyayyen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak sammit, aksincha, «Putinga u va uning xatti-harakatlari haqida o‘ylayotgan barcha narsani yuziga aytish» uchun ishlatilishi kerak. «Bir narsa aniq: «odatdagidek ish», ya’ni normal holat bo‘lmaydi», deb ta’kidladi Yevrokomissiya rahbari.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024