Imomali Rahmon Tojikistondagi vaziyatni beqarorlashtirishga tayyor kuchlar haqida ogohlantirdi
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 27 iyun kuni nishonlangan Milliy birdamlik kunining 25 yilligiga bag‘ishlangan murojaatida jamoatchilikni mamlakatdagi siyosiy barqarorlikni himoya qilishga tayyor bo‘lishga chaqirdi. Murojaat matni uning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
«Davlatimiz va xalqimiz sotqinlari va g‘arazgo‘ylari, milliy va davlat manfaatlarini oyoqosti qilib, o‘z e’tiqodi va vijdonini chet ellik xo‘jayinlariga sotganlar haligacha o‘z g‘arazli niyat va rejalaridan voz kechgani yo‘q», — deyiladi Tojikiston rahbarining dushanba kuni matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan murojaatida.
«Shuning uchun biz tinchlik, osoyishtalik, siyosiy barqarorlik va milliy birlikni himoya qilishga doim tayyor bo‘lishimiz va hech qachon siyosiy hushyorlikni yo‘qotmasligimiz kerak», dedi Imomali Rahmon.
U o‘tgan asrning 90-yillari boshlarida «Tojikiston fuqarolar urushi girdobiga tushib qolgani, buning natijasida jamiyat va davlatning barcha sohalari fojiali inqirozga yuz tutganini» esladi.
Unga ko‘ra, tojik millatining yemirilishi va mamlakatning dunyo siyosiy xaritasidan yo‘qolib ketish xavfi bor edi.
«Tinchlik bo‘yicha uzoq davom etgan muzokaralar 1997 yil 27 iyun kuni Moskva shahrida tarixiy hujjat – Tojikistonda tinchlik va milliy totuvlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi bosh kelishuv imzolanishi bilan yakunlandi», deb eslaydi Imomali Rahmon.
Uning qayd etishicha, Tojikiston tinchlikparvarlik va milliy birdamlikni ta’minlash tajribasi nafaqat tojik millatini qutqarish omiliga aylangan, balki jahon hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan mojaro va qarama-qarshiliklarni bartaraf etishda ibratli tarixiy saboq, o‘ziga xos tajriba sifatida e’tirof etilgan.
«Tinchlik va osoyishtalikning ahamiyati zamonaviy sharoitda, ayniqsa, so‘nggi yillarda, insoniyat o‘ta og‘ir muammolarga duch kelayotganida tobora ortib bormoqda, – dedi Imomali Rahmon. – Global iqlim o‘zgarishining og‘ir oqibatlari, jumladan, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, oziq-ovqat taqchilligi, dunyo bo‘ylab oziq-ovqat narxlarining oshishi va yuqumli kasalliklar tarqalishi, xavfsizlik muammolari, terrorizm, ekstremizm kabi zamonaviy tahdidlarning misli ko‘rilmagan darajada kengayishi bilan bir qatorda, radikalizm, qurol-yarog‘ va giyohvand moddalar savdosi, kiberjinoyat va boshqa transmilliy uyushgan jinoyatchilik insoniyat hayotini juda chidab bo‘lmas holga keltirdi».
Prezident Tojikiston xalqini «jahon hamjamiyatidagi shunday nozik sharoitda» tinchlik, osoyishtalik, siyosiy barqarorlik va milliy birlikning ahamiyatini anglab yetishga, bu bebaho ne’matlarni eng katta yutug‘i qatorida himoya qilishga chaqirdi.
Mavzuga oid
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
15:00 / 19.10.2024
Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
22:55 / 12.10.2024