O‘zbekiston | 20:16 / 28.06.2022
16832
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda yangi tug‘ilgan chaqaloq vafot etdi. Viloyat SSB o‘lim sababini ma’lum qildi

Chaqaloqning o‘limiga uning nogiron tug‘ilgani sabab bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ma nuqsonli chaqaloq dunyoga kelgani aytilgan videolavha tarqaldi. Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, 2022 yil 4 iyun kuni soat 04:00 larda 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro X.T. Do‘stlik tumani markaziy shifoxonasining tug‘uruq bo‘limiga murojaat qilgan. Unga “Homiladorlik 2. Tug‘uruq 2. 35 hafta 4 kun. Homilaning chanog‘i bilan kelishi” tashxisi qo‘yilgan.

Shu kuni soat 06:10 da “Ko‘p nuqsonli chaqaloq. Tug‘ma ixtioz og‘ir darajasi” tashxisi bilan og‘irligi 2800 gramm, bo‘yi 47 santimetr bo‘lgan, muddatiga yetgan o‘g‘il jinsli nogiron chaqaloq dunyoga kelgan. Ko‘rsatilgan reanimatsion tibbiy muolajalarga qaramasdan hayotga zid qo‘shma asoratlar bilan tug‘ilgan go‘dak shu kuni 08:20 da vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur tug‘ilgan ko‘p nuqsonli chaqaloqning ota-onasi aka-singilning farzandlari bo‘lgan. Ushbu oila ikkala tomonning ham ikkinchi turmushi hisoblanadi. Ularning avvalgi turmushlaridan bir nafardan sog‘lom farzandlari bor. Ayolning mazkur homiladorlik davri normal kechgan.

«Ma’lumki, tibbiyotda aksariyat hollarda yaqin qarindoshlar nikohi tufayli bolalar turli irsiy nuqsonlar bilan dunyoga kelishi isbotlangan. Xususan, bunday oilalar tufayli tug‘ilajak bolada tug‘ma aqliy zaiflik, xromosoma kasalliklari, daun sindromi, aqliy va jismoniy o‘sishdagi jiddiy oqsoqlik kabi xavfli xastaliklar kelib chiqishi mumkin. Shu bois oila qurishga shaylanayotgan yoshlardan, eng avvalo, tibbiy ko‘rikdan o‘tib, so‘ngra yangi hayotga qadam qo‘yishlarini, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan saqlanishlarini so‘raymiz», deyiladi ma’lumotda.

Avvalroq, Samarqandda ona tug‘uruqdan bir necha soat o‘tib vafot etgan holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingandi

Mavzuga oid