Jamiyat | 19:16 / 05.07.2022
22140
7 daqiqa o‘qiladi

Axborot kurashi avjida. TikTok ochilishi va unda milliy tashviqot olib borilishi kerak

Vikipediyani to‘ldirishning o‘zi bilangina maqsadga erishilmaydi.

Foto: Kun.uz

Yanvar oyida «Birgalikda yeng shimariladigan ish: internetda o‘zbekcha kontentni ko‘paytirish uchun nimalar qilsa bo‘ladi?» sarlavhasi ostida maqola yozgan edim.

Maqolaga mutasaddilar e’tibor qaratishdi, o‘zimga ham qo‘ng‘iroq qilib, o‘ta jo‘yali takliflar bildirilganini aytishdi. Senatorlar internetda yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi va zararli axborotdan himoya qilinishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror ham qabul qilgandi.

Vikipediyaning o‘zbekcha talqinini rivojlantirish uchun eng yaxshi ensiklopedistlar o‘rtasida Vikimarafon tanlovi e’lon qilindi.

30 iyun — yoshlar kunida prezident Shavkat Mirziyoyev internet tarmog‘ida o‘zbek milliy kontentini rivojlantirish uchun 10 mlrd so‘m ajratilishini ma’lum qildi.

«Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ushbu maqsadlar uchun 10 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bunday tadbirlarga, bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish hamda ularning faoliyatini tizimli ravishda rag‘batlantirib borish lozim», – dedi prezident yoshlar oldida chiqish qilar ekan.

Albatta, Vikipediyani to‘ldirish — to‘g‘ri yo‘nalishdagi oqilona qaror, ammo bu choralar yetarli emasga o‘xshayapti.

Qoraqalpog‘istondagi noxush voqealar shuni ko‘rsatdiki, ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda, YouTube, Instagram va TikTok kabi videohostinglarda qo‘shni davlatlarda tarixni o‘z manfaatlariga moslab, yoshlarga buzib ko‘rsatish bo‘yicha «kimo‘zar»ga musobaqa ketyapti. Internetda minglab misollar bor bunga.

Ochiqchasiga tan olish kerak, ayniqsa Qozog‘iston bu borada juda ilg‘or. Ular ayrim masalalarida o‘zlari to‘qigan yolg‘onlarga o‘zlari ishonib o‘tirishibdi.

Yoshlarimiz noto‘g‘ri talqin qilingan tarix bo‘yicha sharh bo‘limlarida bahslashishyapti. Roliklarni ko‘rgan ko‘pchilik esa, fikrini xato tushuncha bilan shakllantirmoqda. Biroq bunday holatda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklab qo‘yish bilan ish bitmaydi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerak. Senatorlarimiz tilga olgan — yoshlarni zararli axborotdan himoya qilishning eng yaxshi yo‘li ham shu.

Chunki butun dunyo havas qilgulik boy tariximiz bor. Biroq u olimlarimiz yozgan kitoblar, gazeta-jurnallarda qolib ketmasligi kerak. Tariximizni zamonaviy multimedia vositalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘z-ko‘z qilish kerak.

Faqat o‘zbekcha Vikipediyani rivojlantirish bilan cheklanib qolmay, zudlik bilan TikTok ijtimoiy tarmog‘ini blokirovkadan ochish va ishni boshlash lozim.

Mamlakat yoshlari o‘rtasida Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixi, o‘zbek zaminida yashab yashab o‘tgan allomalar, shaharlarimiz, tarixiy obidalarimiz haqida yoshlarbop, yengil hazm bo‘ladigan, ammo faktlari miyaga qo‘rg‘oshindek quyilib qoladigan turli-tuman tarixiy haqiqatlar haqida qisqa (5 daqiqagacha) videoroliklar uchun ham boshqa bir muntazam tanlov e’lon qilishi zarurati borga o‘xshamoqda.

Bunday mini-videoroliklar o‘zbek, rus va ingliz tillarida (kerak bo‘lsa — arab, xitoy, hind, yapon, turk va fors tillarida ham) qilinsin. Bu birinchi navbatda yurtimizga turizm oqimi targ‘iboti uchun xizmat qilsa, ikkinchidan, nafaqat o‘z yoshlarimizning bilimi oshadi, yon-atrofimizdagi davlatlar yoshlari o‘rtasida boy tariximizning to‘g‘ri talqin qilinishida beqiyos o‘rin tutadi.

Tanlovda ishtirok etuvchi roliklarning naqadar originalligi, ular yasagan roliklar internetda qanchalik ommalashgani, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan bildirilgan fikrlarga qarab baholab boriladi.

Bu ishga Yoshlar ishlari agentligi bosh-qosh bo‘lishi mumkin. Davlat ayamasdan har yili tanlov va ishtirokchilarni rag‘batlantirish uchun mablag‘ ajratsin. Turli tillarda, turli yo‘nalishlar belgilansin. Aytaylik, o‘zbek, rus, ingliz, turk, fors, arab, xitoy, hind, yapon tillaridagi «eng ko‘p tomosha qilingan rolik». Ushbu nominatsiyalar sovrindorlariga eng zamonaviy iPhone Pro Max, iPhone Pro va iPhone uyali telefonlari topshirilishining o‘zi yetarli.

«Eng original mavzu», «Eng yosh ishtirokchi», «Milliy tarix mavzusidagi eng yaxshi roliklar to‘plami», «Turizm mavzusidagi mavzular to‘plami» va shu kabi roliklar tanlovida g‘oliblarga «Spark» avtomobili, professional kamera, pul mukofotlari belgilansin. MacBook, iPhone Pro max kabi rag‘batlantiruvchi zamonaviy gadjetlar sovg‘a sifatida topshirilsin. Ana shundan keyin iqtidorli, izlanuvchan va ijodkor yoshlarimizni to‘xtatib bo‘lmaydi. Ular olimlarimiz bilan ham hamkorlikni boshlab yuborishadi. Meni aytdi dersiz.

Albatta yil bo‘yi tanlovni kuzatib boradigan, ularga to‘g‘ri yo‘nalish (aytaylik, mavzular) berib turadigan maxsus guruh ham kerak. Qo‘shimchasiga, Milliy mass-mediani rivojlantirish jamoatchilik fondi, Yoshlar ishlari agentligi, AOKA, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining har biri alohida ushbu tanlovga qatnashishi mumkin bo‘lgan yoshlarni to‘plab, ularni o‘qitish uchun seminarlar tashkil qilsa, to‘g‘ri yo‘nalishlar bersa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Bu — davlatimiz, milliy tariximizni yuksaltirish yo‘lida barchamiz birlashib qilinadigan ish. Mutasaddilardan bu taklifni yana bir bor puxta o‘ylab ko‘rishni so‘rar edim.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Mavzuga oid