Jahon | 14:41 / 12.07.2022
12689
2 daqiqa o‘qiladi

Urush boshlanganidan beri Rossiya Yevropadan ekstraditsiya bo‘yicha 43 ta rad javobini oldi

2022 yilning martidan mayigacha Rossiya so‘ralgan shaxslarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha 43 ta rad javobini oldi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar ko‘p.

Foto: Shutterstock

2022 yilning martidan mayigacha Rossiya Yevropa davlatlaridan so‘ralgan shaxslarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha 43 ta rad javobini oldi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan uch baravar ko‘p, deb yozadi «Kommersant» gazetasi 12 iyul, seshanba kuni Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib. 

Joriy yilning dastlabki ikki oyida ekstraditsiya qilish bo‘yicha atigi 4 ta rad javobi olingan. Shunday qilib, Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Rossiya Bosh prokuraturasining Yevropaning aksariyat davlatlari huquq-tartibot idoralari bilan har xil turdagi jinoyatlarda ayblanayotgan rossiyaliklarni ekstraditsiya qilish borasidagi o‘zaro hamkorligi amalda barbod bo‘ldi, deya ta’kidlaydi nashr.

Xususan, «faqat Germaniya shu vaqt ichida umumiy jinoiy tusdagi harakatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan 13 nafarni ekstraditsiya qilishdan bosh tortdi», — deyiladi matbuot xizmati javobida. Ko‘pincha rad etishning rasmiy sabablari sifatida ma’lum bir mamlakatning «ekstraditsiyaning huquqiy tamoyillariga zidligi» yoki Rossiyada ayblanuvchilarning huquqlariga rioya etilishining noaniqligi sifatida ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi ta’kidlaganidek, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Polsha va Chexiya kabi davlatlar rasmiylari o‘z qarorlarining siyosiy motivlarini yashirishmagan.

Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda 177 nafar fuqaro Rossiyaga ekstraditsiya qilingan, 54 nafar rossiyalikni esa ekstraditsiya qilishdan bosh tortilgan. O‘z navbatida, 445 nafar ayblanuvchi xorijlik Rossiya Federatsiyasidan ekstraditsiya qilindi, ulardan 400 nafari qo‘shni davlatlar fuqarolari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid