Jahon | 07:52 / 13.07.2022
8946
3 daqiqa o‘qiladi

Twitter kompaniyasi Ilon Maskni sudga berdi

Twitter kompaniyasi Tesla va SpaceX asoschisini tomonlar tomonidan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilganidek, uni 44 milliard dollarga sotib olishga sud orqali majburlamoqchi.

Foto: Reuters

Twitter kompaniyasi amerikalik biznesmen Ilon Maskni uni sotib olmaslik qarori tufayli sudga berdi. 12 iyul, seshanba kuni Twitter vakillari AQShning Delaver shtati sudiga yuborgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, kompaniya Maskning sotib olish shartnomasi shartlarini bajarishini ta’minlash niyatida. 

«Maskning xatti-harakati uning o‘zi ixtiyoriy ravishda imzolagan majburiy shartnomadan uzoqlashishga intilayotganini va bu jarayonda Twitter’ga zarar yetkazmoqchi ekanligini yaqqol tasdiqlaydi, — deya sud da’vosidan iqtibos keltirgan AFP. — Twitter sudlanuvchining qonunbuzarliklari natijasida tuzatib bo‘lmaydigan zarar ko‘rdi va bundan keyin ham zarar ko‘radi». 

Endi sud Maskka sotib olish shartnomasini bekor qilishga ruxsat berish yoki yo‘qligini hal qilishi kerak. Shartnoma shartlariga ko‘ra, tomonlardan biri undan voz kechsa, bir milliard dollargacha jarima ko‘zda tutilgan. Kompaniya suddan to‘rt kunlik sud jarayonini sentabr oyining o‘rtalariga belgilashni so‘ramoqda, deb yozadi Reuters. 

Avvalroq, 8 iyul kuni bugungi kunda sayyoraning eng badavlat odami hisoblangan Ilon Mask xuddi shu nomdagi ijtimoiy tarmoqqa egalik qiluvchi Twitter kompaniyasini sotib olish bo‘yicha kelishuvni bekor qilayotganini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya «birlashish shartnomasining ko‘plab qoidalarini jiddiy ravishda buzgan». Xususan, Maskka ko‘ra, soxta va spamli Twitter akkauntlarining haqiqiy soni ijtimoiy tarmoq ko‘rsatgan «besh foizdan kam»dan sezilarli darajada ko‘p. 

Finanzen.net internet-biznes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, iqtisodiy ekspertlar Maskning Twitter’ni qo‘lga kiritish niyati jiddiyligiga anchadan beri shubha bilan qarashgan. Sababi kompaniyaning 28 milliard dollarga baholangan bozor qiymati Mask unga taklif qilgan 44 milliard dollardan ancha past. 

8 iyul kuni Twitter rahbari Bret Teylor kompaniya hali ham «Mask bilan kelishilgan narx va shartlar bo‘yicha» bitimni yopish niyatida ekanligini va birlashish kelishuvini amalga oshirish uchun qonuniy choralar ko‘rishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. «Biz Delaver sudida g‘alaba qozonishimizga aminmiz», deb yozdi Teylor Twitter’da. 
 
Mask o‘zining Twitter akkauntida istehzoli mem joylashtirib, bayonotga javob qaytardi.

Mavzuga oid