Jahon | 08:44 / 15.07.2022
9727
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning Cargo Dragon yuk kemasi yana XKSga uchirildi

SpaceX kompaniyasining kosmik yuk mashinasi orbital stansiya xalqaro ekipaji uchun oziq-ovqat, shuningdek, ilmiy tajribalar uchun asbob-uskunalar va materiallarni yetkazib beradi.

Foto: Getty Images

AQShning sharqiy sohillaridan Amerikaning SpaceX kompaniyasiga qarashli Cargo Dragon yuk kemasi Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) muvaffaqiyatli uchirildi. 15 iyul, juma kuni kechqurun Florida shtatidagi Kanaveral burunidan parvoz Falcon 9 og‘ir raketa tashuvchisi yordamida amalga oshirildi, deb xabar berdi AQSh Milliy aeronavtika va kosmik fazo boshqarmasi (NASA). 

SpaceX kompaniyasi parvozdan bir necha daqiqa o‘tgach, Falcon 9 raketa tashuvchisining birinchi pog‘onasi Atlantika okeanidagi suzuvchi platformaga muvaffaqiyatli qo‘nganligi haqida xabar berdi. 

AQSh kosmik agentligi rejasiga ko‘ra, kosmik apparat XKSga 16 iyul kuni AQShning Sharqiy qirg‘og‘i vaqti bilan soat 11:20 da (Toshkent vaqti bilan 20:20) yetib keladi. U avtonom tarzda XKSning Amerika segmentidagi Harmony moduli oldingi portiga qo‘shiladi va u yerda bir oyga yaqin vaqt bo‘ladi.

Bu NASA va Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi o‘rtasidagi shartnoma asosida Cargo Dragon’ning XKSga 25-marta uchirilishi. Dastlab parvoz 10 iyun kuni amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. 24-Dragon kosmik kemasi missiyasi 2021 yil 21 dekabrdan 2022 yil 24 yanvargacha davom etdi. 

Kosmik «yuk mashinasi» stansiyaga orbital stansiya xalqaro ekipaji uchun 2,6 tonnaga yaqin oziq-ovqat, shuningdek, ilmiy tajribalar uchun asbob-uskunalar va materiallarni yetkazib beradi. Xususan, XKS bortida immun hujayralarining qarishini o‘rganish rejalashtirilgan. 

Ayni paytda rossiyalik kosmonavtlar Oleg Artemev, Sergey Korsakov va Denis Matveyev, shuningdek, 28 aprel kuni Crew Dragon kemasida yetib kelgan NASA astronavtlari Chell Lindgren, Robert Xayns, Jyessika Uotkins va Yevropa kosmik agentligi (ESA) astronavti italiyalik Samanta Kristoforetti XKSda ishlashni davom ettirmoqda.

Mavzuga oid