Jahon | 09:25 / 15.07.2022
5455
2 daqiqa o‘qiladi

Putin «xorijiy agentlar» haqidagi yangi qonunni imzoladi

Rossiyada «xorijiy agent» bo‘lish uchun endi chet eldan pul olish shart emas. Buning uchun «boshqa shakllarda xorijiy ta’sir ostida» bo‘lish kifoya qiladi.

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi yangi qonunni imzoladi, unga ko‘ra, bu maqom chet eldan moliyalashtirilmagan shaxslarga ham berilishi mumkin. Qonun 14 iyul, payshanba kuni huquqiy axborot rasmiy internet portalida e’lon qilindi. U 1 dekabrdan kuchga kiradi.

«Xorijiy ta’sir ostidagi shaxslar faoliyatini nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Rossiya yoki xorijdagi har qanday tashkilotlar yoxud jismoniy shaxslar chet eldan yordam olsa yoki «boshqa shakllarda xorijiy ta’sir ostida» bo‘lsa, siyosiy faoliyatni amalga oshirsa, Rossiyaning «mamlakat xavfsizligiga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan» harbiy-texnik faoliyati haqida ma’lumot to‘plasa, «chet el agenti» deb tan olinishi mumkin.

Hujjatda aytilishicha, ish beruvchilar uyushmalari, savdo-sanoat palatalari va xalqaro tashkilotlarning mansabdor shaxslari «xorijiy agentlar» deb tan olinmaydi. 

Hujjatda ta’kidlanganidek, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni himoya qilish, ilm-fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport, tabiatni muhofaza qilish va xayriya kabi sohalardagi faoliyat siyosiy faoliyat deb hisoblanmaydi. 

Shu bilan birga, hujjat «xorijiy agentlarga» voyaga yetmaganlar bilan o‘quv-pedagogik faoliyat olib borish, ular uchun axborot mahsulotlari ishlab chiqarish, davlat va kommunal ehtiyojlar uchun tovarlar va xizmatlar xarid qilishda ishtirok etish, davlat moliyaviy yordamini olish, obektlar va davlat ekologik ekspertizasida ekspert sifatida ishtirok etish, muhim infratuzilma obektlaridan foydalanishni taqiqlaydi. Shuningdek, «xorijiy agentlar»ning davlat va kommunal xizmatda ishlashi taqiqlanadi, ular saylov komissiyalari a’zosi va ommaviy tadbirlar tashkilotchisi bo‘la olmaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid