Jahon | 09:19 / 15.07.2022
3539
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya fuqarolarining aksariyati NATO bilan yaqinlashishni ma’qullamoqda

Shveytsariyada betaraflik tarafdorlari soni kamayib, bu mamlakatni xalqaro mojarolardan himoya qiladi, degan ishonch pasayib bormoqda.

Foto: Getty Images

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Shveytsariya fuqarolari orasida xavfsizlik siyosatini qayta ko‘rib chiqishga olib keldi. Mamlakatning NATO bilan yaqinlashuvi yo‘nalishi shveysariyaliklarning 52 foizi orasida qo‘llab-quvvatlandi. Tsyurix Shveytsariya oliy texnik maktabi tomonidan 14 iyul, payshanba kuni e’lon qilingan sotsiologik tadqiqot ma’lumotlari shundan dalolat beradi. Shu bilan birga, mamlakatning Shimoliy Atlantika alyansiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishini qo‘llab-quvvatlovchilar soni hamon 27 foiz darajasida qolmoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakatning an’anaviy betarafligini qo‘llab-quvvatlovchi shveysariyaliklar ulushi yanvar oyiga nisbatan sakkiz pog‘onaga kamayib, 89 foizni tashkil etgan. Bu so‘nggi 20 yildagi eng katta pasayish bo‘ldi. Respondentlarning atigi 58 foizi Shveytsariyaning betarafligi mamlakatni xalqaro mojarolardan himoya qilishiga ishonchi komil. Yanvar oyida ularning soni 69 foizni tashkil etdi. 

Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi Shveytsariyadagi armiyani xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlashni ham oshirdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘n nafar respondentdan faqat uchtasi o‘z mamlakatining harbiy xarajatlari juda yuqori, deb hisoblaydi. Bu 1980-yillarda so‘rovlar boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkich. 

Qurolli betaraflik Shveytsariya tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir. Mamlakat 1815 yildan beri hech qanday urushda qatnashmagan. Shveytsariyaning betarafligi uning qurolli kuchlari o‘z mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun ishlatilishini anglatadi, lekin o‘zini himoya qilishdan tashqari boshqa manfaatlarga xizmat qilmaydi.

Mavzuga oid