Jahon | 15:47 / 16.07.2022
10489
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning 36 ta hududida armiya haqidagi «feyklar» bo‘yicha ishlar tergov qilinmoqda

Armiya haqida «yolg‘on ma’lumot tarqatish» bo‘yicha ishlar asosan jurnalistlar va faollarga nisbatan qo‘zg‘atilmoqda.

Foto: Kirill Kudryavsev / AFP

Rossiya armiyasi haqidagi «feyklar» bo‘yicha jinoiy ishlar Rossiyaning 36 ta hududida tergov qilinmoqda, jami 73 ta ish ushbu modda bo‘yicha qo‘zg‘atilgani ma’lum, deya xabar beradi «Setevyye svobody» inson huquqlari loyihasi 15 iyul, juma kuni. Rossiya armiyasi haqida «yolg‘on ma’lumotni ommaviy tarqatish» (Jinoyat kodeksining 207.3) moddasi bo‘yicha aksariyat ishlar Moskvada tergov qilinmoqda - 16 ta. Sankt-Peterburgda huquq himoyachilari sakkizta, Novosibirskda - to‘rtta, Ingushetiya va Kirov oblastida - uchta holatdan xabardor.

Aksariyat holatlarda - 12 ta ish - jurnalistlar yolg‘on ma’lumot tarqatishda ayblanmoqda, yetti holatda - fuqarolik faollari, oltita ish siyosatchilar va blogerlarga qarshi tergov qilinmoqda. Ayblanuvchilar orasida ikki politsiyachi, o‘qituvchi, rassomlar, ruhoniylar, shifokor, talaba va maktab o‘quvchisi ham bor, deb yozadi «Setevyye svobody». 

Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi ikkinchi qismi og‘ir jinoyatlarga taalluqli bo‘lib, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutganligi sababli, tergovchilar suddan ayblanuvchini qamoqqa olishni talab qilishga haqli, deb yozadi inson huquqlari faollari.

Tergov jarayonida 24 nafar shaxs qamoqqa olingan, 10 holatda sud sirtdan hibsga olish, uchta holatda — mamlakat yoki shahardan chiqib ketmaslik to‘g‘risida yozma majburiyat, bir marta — uy qamog‘i va muayyan harakatlarni taqiqlash haqida e’lon qilgan. Huquq himoyachilari 34 ta holatda ehtiyot chorasini aniqlay olmagan.

«Shaxsiy suhbatlarda tergovchilar ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha hech narsani hal qilmasliklarini bildirdi, sababi barcha ko‘rsatmalar faqat yuqoridan keladi», deb ta’kidlaydi «Setevyye svobody». 

Rossiya armiyasi haqida «feyklar»ning tarqalishi bo‘yicha jinoiy modda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay joriy qilingan. Munitsipal deputat Aleksey Gorinov buning uchun hozirgacha eng uzoq muddat - yetti yillik qamoq jazosini oldi. Avvalroq ushbu modda bo‘yicha ikkita hukm chiqarilgan: Baykalortida yashovchi fuqaro 1 million rubl miqdorida jarimaga tortilgan, Qrimda esa Favqulodda vaziyatlar vazirligining sobiq xodimi shartli qamoq jazosiga hukm qilingan.

«Feyklar uchun» to‘rtinchi hukm Orenburgda chiqarildi: 22 yoshli erkak ish haqining 10 foizini davlatga ushlab qolish sharti bilan 8 oy muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Mahkum ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya qurolli kuchlarining harakatlari haqida uchta video joylashtirgan, deb yozadi advokat Pavel Chikov. 

«Rossiya armiyasi haqidagi feyklar» bo‘yicha jinoiy ish ochilganlar orasida jurnalistlar Aleksandr Nevzorov, Ilya Krasilshchik, Maykl Naki, siyosatchilar Vladimir Kara-Murza, Ilya Yashin, Yelena Kotenochkina, yozuvchi Dmitriy Gluxovskiy, rassomlar Irina Bistrova va Sasha Skochilenko bor. 

Mavzuga oid