Jahon | 15:49 / 16.07.2022
24895
4 daqiqa o‘qiladi

Shoygu Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlariga barcha yo‘nalishlarda harakatni kuchaytirishni buyurdi

Ukraina tomonidan o‘qqa tutilishining oldini olish uchun qo‘shinlarning faolligini oshirish kerak, deya hisoblaydi Rossiya mudofaa vaziri.

Foto: TASS

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainaga bostirib kirish vaqtida Rossiya armiyasining «barcha operativ yo‘nalishlar bo‘yicha» harakatlarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi, deb xabar bermoqda Rossiya Mudofaa vazirligi 16 iyul, shanba kuni. Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Shoygu shunday buyruqni Rossiyaning «Janub» va «Markaz» qo‘shinlari guruhlari qo‘mondonlari ishtirokidagi uchrashuvda bergan. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, faollikni oshirish «Donbass va boshqa hududlardagi aholi infratuzilmasi hamda aholi punktlariga yirik raketa va artilleriya zarbalari berilishining» oldini olish uchun zarur.

Shoygu uchrashuvda, Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan tarqatilgan ovozsiz videoga ko‘ra, «Janub» va «Markaz» guruhlari qo‘mondonlari, armiya generali Sergey Surovikin va general-polkovnik Aleksandr Lapin hisobot bilan chiqish qilgan. Yig‘ilishda, shuningdek, Bosh shtab bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i Sergey Rudskoy, harbiy idora shaxsiy tarkib bosh boshqarmasi boshlig‘i Viktor Goremikin, Bosh shtab tashkiliy-safarbarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Yevgeniy Burdinskiy ishtirok etdi va «LXR» xalq militsiyasining 2-armiya korpusi qo‘mondoni Esedulla Abachev ishtirok etgan, deb ta’kidlaydi «Agenstvo» nashri.

Bu Shoyguning Ukrainada bo‘lib turgan qo‘shinlarga ikkinchi safari, bu haqda Mudofaa vazirligi xabar bermoqda. Vazir oxirgi marta iyun oyi oxirida Ukrainada jang qilayotgan rus guruhlariga tashrif buyurgan edi.

Iyul oyi o‘rtalaridan boshlab Rossiya armiyasi Ukraina aholi punktlarini o‘qqa tutishni kuchaytirdi. So‘nggi paytlarda eng rezonansli voqealardan biri Vinnitsaga raketa hujumi bo‘lib, 24 kishi, jumladan, uch bola halok bo‘ldi.

Dnepr rasmiylari bir kun avval Rossiya qo‘shinlarining zarbalari natijasida uch kishi halok bo‘lgani va 15 kishi yaralangani haqida xabar berdi. Xarkiv oblasti rasmiylari 16 iyul kuni Chuguyev shahrida tungi otishmalar natijasida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. 16 iyul kuni ertalab «Grad» yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari (YaO‘RT) Nikopoldagi turar joylarga 53 ta raketa uchirdi, ikki kishi halok bo‘lgani ma’lum, deya xabar qildi Dnepropetrovsk oblasti rasmiylari.

7 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi rossiyalik qo‘shinlar «jangovar salohiyatni to‘ldirish» uchun Ukrainadagi janglarda tanaffus olayotganini ma’lum qildi. «Harbiy xizmatchilarga dam olish, uylaridan xat va jo‘natmalarni olish imkoniyati yaratildi», — deyiladi idora xabarida. 

Iyun oyining oxiridan boshlab Ukraina Amerikaning uzoq masofali HIMARS YaO‘RTdan faol foydalana boshladi. O‘shandan beri tahlilchilar bosib olingan janubiy hududlardagi yirik omborlar vayron qilinganligi haqidagi 20 ga yaqin xabarlarni sanab chiqdi, ularning aksariyati uzoqda va eski raketalar yetib bora olmaydigan joyda edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning fikricha, yangi tizimlarning mavjudligi «Rossiya armiyasining hujum salohiyatini pasaytiradi». 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid