O‘zbekiston | 07:50 / 18.07.2022
11445
7 daqiqa o‘qiladi

Havo harorati keskin ko‘tarilganda, qishloq xo‘jaligida nimalarga e’tibor berish kerakligi ma’lum qilindi

Joriy yil 17-22 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo oqimi kirib kelishi tufayli “O‘zgidromet” kunduz kunlari havo harorati keskin ko‘tarilishi, ayrim joylarda shamolning chang to‘zonlar bilan kuchayishi haqida shoshilinch xabar e’lon qildi. 

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli boshqarmalari va ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari bunday ob-havo sharoitining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ta’siri haqida ma’lumot va tegishli tavsiyalarni berishdi.

Bildirilishicha, yuqori havo harorati g‘o‘za parvarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning stress holatiga tushishiga olib keladi. Bunday paytlarda klasterlar, fermer xo‘jaligi rahbarlari, mexanizator va ishchilar, soha mutaxassislari, olimlar g‘o‘zani jazirama issiq va garmseldan zarar ko‘rmasligiga hamda yaratilgan hosilni saqlab qolishga o‘ta omilkorlik bilan yondashishi talab etiladi.

Salbiy oqibatlar oldini olish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

  • bu davr ichida viloyat va tumanlar barcha sektorlari o‘z hududlarida soha mutaxassislari, tajribali dehqonlar va mas’ul tashkilotlar xodimlaridan iborat «shtablar» tashkil etadi. Ushbu shtablarda tun-u kun navbatchilik yo‘lga qo‘yiladi va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mexanizatorlar, ishchi va suvchilar to‘liq dalaga ko‘chib chiqishi lozim;
  • har bir sug‘orishdan keyin tuproq yetilishi bilan kultivatorlarni «baliq sirti» qilib o‘ragan holda ertalab va kechki soatlarda kesak hosil qilmasdan mayin kultivatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi. Aks holda tuproq yuzasi yorilib, o‘simlik ildizlari zararlanadi, kasallikka chalinishi ehtimoli oshadi, o‘sishi va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, hosil elementlari to‘kilib ketadi. Bunda mexanizatorlarga dalada barcha sharoitlarni yaratish, ularni kechki soatlarda va kun issiq vaqtida dam olishini tashkil etish lozim;
  • mavjud barcha purkagichlar (OVX-600, VP-1, shtangali Appolon) kechki soat 19:00 dan keyin ertalab 7:00 gacha otryad usulida ishlashi tizimli tashkil etiladi. Bunda g‘o‘zaga faqat stimulyatorlar va mikroo‘g‘itli preparatlar bilan ishlov berish tavsiya qilinadi;
  • viloyat va tumanlarda barcha texnikalar tizimli ravishda mahalliy o‘g‘it jamg‘arish va fekal chiqarishga safarbar qilinadi. Hududlardagi chorvachilik, parrandachilik va qo‘ychilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida to‘plangan mahalliy o‘g‘itlar sug‘orilayotgan dala maydonlariga olib chiqiladi;
  • joylarda suvni to‘g‘ri taqsimlash va monitoring qilish «shtablari» tashkil etiladi va mavjud suvdan samarali foydalanish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Suv oldindan rejalashtirilgan va tasdiqlangan grafiklar asosida g‘o‘za, takroriy ekin va tomorqalarga o‘z vaqtida yetkazilishiga suv shtablari shaxsan javobgar hisoblanadi;
  • g‘o‘zani sug‘orishda suvchilar sonini kamida 2-3 martaga oshirish, ularga dalada barcha sharoitlarni yaratish va tungi sug‘orishga alohida e’tibor beriladi. Sug‘orilayotgan har bir maydon, albatta, sharbat usulida sug‘orilishi, sug‘orishni qisqa o‘q ariqlardan foydalangan holda hamda mavjud egiluvchan quvurlar orqali amalga oshirish shart. Kam suv bilan, tez-tez suvni ko‘llatmasdan, imkon qadar taktil usul bilan jildiratib sug‘orish kerak.

Bunday paytlarda paxta maydonlarida egat oralatib yengil sug‘orish usulidan foydalanib, qisqa muddatlarda peshma-pesh barcha paykallarni namlab olish yaxshi samara beradi. Dalada suvni uzoq oqizib va zovurga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi.

Tungi sug‘orish ishlarini tashkil qilish va nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun har bir sektorda rahbar boshchiligida tungi sug‘orishni nazorat qilish guruhlari tashkil etilishi va har kuni sug‘orishni tahlil qilib borish tizimi joriy etiladi.

Yerosti yoki zovurlar suvidan foydalanishni tashkil etish maqsadida qo‘shimcha ravishda suv nasoslarini o‘rnatish va ularni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda dala maydonlarda turli sabzavotlar yetishtirilmoqda, takroriy ekin sifatida yaqindagina yerga ekilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bor. Keskin ko‘tarilgan ob-havo harorati sabzavot ekinlari parvarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ular stress holatiga tushishiga olib keladi.

Pomidor, shirin qalampir, baqlajon o‘simliklari ekilgandan to gullashni boshlagan vaqtga qadar sug‘orishlar to‘xtatilganda 40-45 kungacha suvsizlikka chidaydi. Suvsizlik davrida ular gullari to‘kiladi, barglari to‘q-yashil tusga kiradi, kun issiq paytlarda so‘liganga o‘xshab turib barglari ham kichrayadi, yer ustki qismlari rivojlanishi sekinlashadi.

Ushbu sabzavotlar meva tugish vaqtida sug‘orishlar to‘xtatilsa, o‘simliklar 30-35 kun chidaydi. Bu vaqtda tuganaklar to‘kiladi, bor mevalari ham maydalashadi, barglari bukilib qoladi. Hosildorlik 40-50 foizgacha kamayadi.

Pomidor, shirin qalampir, baqlajon o‘simliklarida meva pisha boshlagan davrida sug‘orishlar to‘xtatilganda o‘simlik 15-20 kun suvsizlikka chidaydi hamda pishgan va pishmagan mevalar uchki qismidan sarg‘ayib chirish boshlanadi.

Bunday sharoitda sabzavot ekinlari parvarishida quyidagi eng muhim agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish talab etiladi:

  • sug‘orish ishlarini tungi vaqtlarda amalga oshirish, har bir dalada suvchilar nazoratini tashkil etish;
  • sug‘orishni mahalliy o‘g‘itlar bilan, sharbat usulida o‘tkazish;
  • suvdan keyin qator oralariga kultivatorlar bilan ishlov berish.

Havo harorati birdaniga ko‘tarilib ketishi mevali daraxtlar hamda uzumlarga jiddiy zarar keltiradi. Meva va uzumlar sifati past bo‘lib, uzoq saqlash hamda tashishga yaroqsiz bo‘lib qoladi, tovarboplik xususiyatlari tushib ketadi.

Mevali daraxtlarni havo jazirama issig‘ida himoya qilishda quyidagi tavsiyalarga amal qilish taklif etiladi:

  • daraxtlarni sug‘orish, bu agrotexnik tadbirlarni kun salqin vaqtida o‘tkazish;
  • mevali daraxtlar shox-shabbasi ichki va tashqi qismiga muntazam suv purkab turish;
  • kaolin moddasi (oq qum) bilan mevalarga ishlov berish.

Tokzorlarda havoning jazirama issig‘ida o‘tkaziladigan tadbirlar:

  • tokzorlar sug‘orilib, tup atroflari yumshatilish kerak;
  • xomtok qilinmagan tokzorlarda xomtok o‘tkazilmasligi, agar birinchi xomtok amalga oshirilgan bo‘lsa, ikkinchisini o‘tkazishni to‘xtatib turish;
  • har bir shingilni to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoya qilish uchun shingil atrofini barglar bilan o‘rab qo‘yishga erishish;
  • shingillar yuzasi yuqori harorat natijasida qizishi oldini olish uchun ularga muntazam suv purkab turish.

Mavzuga oid