Jahon | 13:47 / 18.07.2022
22929
2 daqiqa o‘qiladi

NATO sobiq qo‘mondoni Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro qanday yakunlanishini taxmin qildi

NATO kuchlarining Yevropadagi sobiq qo‘mondoni Jyeyms Stavridis so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush Koreya ssenariysi bo‘yicha 4-6 oy ichida tugashi mumkin.

Foto: Reuters

NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Jyeyms Stavridis Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaro Koreya ssenariysi bo‘yicha rivojlanishini taxmin qilmoqda. U 17 iyul, yakshanba kuni Amerikaning 77WABS radiostansiyasi efirida Ukrainadagi urush 4-6 oy ichida tugashi mumkin, jangovar harakatlar tugagandan keyingi vaziyat esa Koreya urushi natijalariga yaqinlashishi mumkin, deya ma’lum qildi.

U tomonlar o‘rtasida harbiylashtirilgan hudud, davomli nizo kayfiyati va «muzlatilgan mojaro» ehtimoliga ishora qildi. Stavridis, harbiy to‘qnashuv «har ikki tomondan ham kuchayib ketganini o‘ta ravshan holat» deb atadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning harbiy rejalari unchalik samarali bo‘lmadi, u Ukrainaga bostirib kirish boshlanishidagi keng ko‘lamli niyatlar bilan solishtirganda faqat kichik hududlarni egallab olishga muvaffaq bo‘ldi, dedi u. O‘z navbatida, «ukrainaliklar juda kuchli qarshilik ko‘rsatmoqda», ammo ko‘p oylardan beri davom etayotgan harbiy mojaroga hech kim dosh bera olmaydi, deya qo‘shimcha qildi NATO kuchlarining sobiq qo‘mondoni. 

Koreya urushi 1950 yildan 1953 yilgacha davom etgan hamda Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi sulh bilan yakunlangan, rasmiy tinchlik shartnomasi hali imzolanmagan va rasmiy ravishda ikkala davlat ham urush holatida bo‘lib turibdi. 

Rossiya armiyasi 24 fevral kuni Vladimir Putin buyrug‘i bilan Ukrainaga bostirib kirdi va qo‘shni mamlakat bo‘ylab harbiy harakatlar boshladi. Bir necha hafta o‘tgach, Moskva Ukraina sharqidagi hududlarni qo‘lga kiritish uchun sa’y-harakatlarini jamlash niyatida ekanligini e’lon qildi. 

Mavzuga oid