Jahon | 07:58 / 21.07.2022
4989
3 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassislar Ukrainada xalqaro huquqning ommaviy tarzda buzilishini qayd etmoqda

Tasdiqlovchi materiallardan iborat hisobot Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan taqdim etilgan. Mutaxassislarning fikricha, qonunbuzarliklarga Rossiya va Ukraina tomoni yo‘l qo‘ymoqda.

Foto: dpa

Rossiya tomonidan Ukrainada urush boshlanganidan beri xalqaro gumanitar huquq normalarining ommaviy ravishda buzilishi qayd etilgan. Tasdiqlovchi materiallarni o‘z ichiga olgan hisobot Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) institutlaridan biri – Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byuro (DIIHB) tomonidan taqdim etildi, deb xabar berdi dpa 21 iyul, payshanba kuni.

Xalqaro ekspertlar eng jiddiy holatlar sifatida mart oyining o‘rtalarida Mariupoldagi drama teatri, shuningdek, aprel oyi boshida Kramatorskdagi temiryo‘l vokzalidagi portlashlarni keltirgan. Bundan tashqari, hisobot mualliflari Ukraina shaharlarining rus qo‘shinlari tomonidan qamal qilinishidan xavotir bildirishmoqda. DIIHB tinch aholiga evakuatsiya qilish imkoniyati berilmaganini qayd etgan. 

Mutaxassislar Rossiya tomonining harakatlarini mutanosiblik va asosiy inson huquqlarini hurmat qilish tamoyillarining buzilishi deb baholamoqda. Hisobotda qayd etilishicha, guvohlar sudsiz qatl qilish, hibsga olish, shuningdek, qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik va o‘g‘irlash holatlari haqida ko‘plab xabarlar bergan. 

Shu bilan birga, ekspertlar Ukraina armiyasi tomonidan xalqaro gumanitar huquq normalari buzilishiga, garchi rossiyalik harbiylarga qaraganda kichikroq miqyosda bo‘lsa-da, ishora qilmoqda. Xususan, hisobotda talonchilikda gumon qilinganlarga nisbatan zo‘ravonlik tanqid qilinadi. Bundan tashqari, har ikki tomon ham harbiy asirlarga munosabatda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yadi. 

Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, 53 betlik qonunbuzarliklar to‘g‘risidagi hisobot YeXHT emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hisoboti sifatida taqdim etilgan. Ushbu Yevropa tashkilotining faoliyati uning asosiy a’zolaridan biri - Rossiya bilan ziddiyat tufayli falaj holatga tushib qolgan.

Ukrainada xalqaro gumanitar huquq normalari har ikki tomon tomonidan buzilayotgani avvalroq BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet tomonidan bildirilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina kuchlari harbiy obektlarni fuqarolik binolari yaqiniga joylashtirib, tinch aholidan «tirik qalqon» sifatida foydalanmoqda. 

Bacheletning ta’kidlashicha, boshqa qonunbuzarliklar orasida harbiy asirlarga nisbatan qiynoqlar va shafqatsiz munosabat bor, bunda aybdorlar javobgarlikka tortilmayapti. Rossiya va Ukraina nazoratidagi hududlarda zo‘rlash va boshqa jinsiy zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan, dedi Bachelet. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid