Jamiyat | 16:54 / 21.07.2022
8845
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Yoshlar Tataristonda o‘tkazilgan Xalqaro forumda faol ishtirok etishdi

“O‘zbekneftgaz” AJning apparat va tizim korxonalari yoshlari 11-17 iyul kunlari Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi hamda “Tatneft” kompaniyasi tomonidan tashkil qilingan “3-Xalqaro yoshlar forumi”da ishtirok etishdi. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Forum ijtimoiy faol, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning professional va ijodiy faoliyatlarini takomillashtirish, energetika tizimi kompaniyalari va tashkilotlari, kasaba uyushmalarining faol yoshlari o‘rtasida hamkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish, yoshlarning dolzarb muammolarini hal qilishda umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida o‘tkazildi.

Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu forumda turli davlatlardan 400 nafardan ortiq energetika tizimida faoliyat olib borayotgan yoshlar qatnashishdi. Xususan, Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasidagi neft-gaz kompaniyalar ishtirok etishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ yoshlari ham neft va gaz sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan intensiv mashg‘ulotlar, mahorat darslari, sanksiyalar sharoitida texnologik suverenitetni rivojlantirishning eng dolzarb muammolari va yechimlariga bag‘ishlangan treninglarda ma’ruzalar tinglashdi va taqdimotlar o‘tkazishdi. 

Taqdimotlarda mutaxassislar neft va gaz qazib chiqarish sohasida yuqori texnologiyali xizmat ko‘rsatishga zamonaviy yondashuvlar va “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan chet el kompaniyalari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar to‘g‘risida o‘rtoqlashadilar.

Forum doirasida o‘tkazilgan musobaqalarda “O‘zbekneftgaz” AJ yoshlari faxrli birinchi, ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egallashdi va faxrli va yuqori darajali sertifikat bilan taqdirlanishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ yoshlariga forumdagi faolligi uchun Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi hamda “Tatneft” kompaniyasi tomonidan alohida minnatdorchilik bildirildi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid