Jahon | 16:37 / 22.07.2022
13558
3 daqiqa o‘qiladi

Kishinyov Dnestrbo‘yi «TIV rahbari»ning Rossiyaga qo‘shilish haqidagi bayonotiga javob qaytardi

Moldova reintegratsiya byurosi tan olinmagan DMR bilan mojaro tinch yo‘l orqali hal qilinishiga umid bildirmoqda. Kishinyov mamlakat hududiy yaxlitligini hurmat qilish kerakligi haqida eslatdi.

Foto: Reuters

Moldova reintegratsiya bo‘yicha byurosi tan olinmagan «Dnestrbo‘yi Moldova respublikasi» «TIV rahbari» Vitaliy Ignatevning RIA «Novosti» Rossiya axborot agentligiga DMR «hokimiyati» mustaqillikka intilish, keyin esa Rossiyaga qo‘shilish niyatida ekani haqidagi bayonotini 2006 yilgi referendumga tayangan holda izohladi

Moldova reintegratsiya bo‘yicha byurosi vakillari 22 iyul, juma kuni «plebissit natijalarining qonuniyligi, haqqoniyligi va ishonchliligi xalqaro huquq va amaldagi milliy qonunchilik talablariga rioya qilgan holda, demokratik qadriyatlarga asoslangan o‘tish davri hamda asosiy inson huquqlari, to‘liq so‘z erkinligi, axborot senzurasini to‘liq istisno qilish asosida ta’minlanishi mumkin», deb ma’lum qildi.

Idora barcha xalqaro hamkorlar va konstitutsiyaviy hokimiyatlar Moldova Respublikasining xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilgan holda, Dnestrbo‘yi mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish formulasini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. «Mamlakat reintegratsiyasi va Dnestrning ikki qirg‘og‘i o‘rtasida yagona milliy makonni tiklash Dnestrbo‘yidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralarning asosiy maqsadidir», — deyiladi bayonotda. 

Juma kuni ertalab RIA «Novosti» agentligi saytida tan olinmagan DMR respublika rasmiylarining maqsadi oxir-oqibat Rossiya tarkibiga qo‘shilish ekanligi haqida xabar paydo bo‘ldi. «Dnestrbo‘yi vektori respublika mavjud bo‘lgan barcha yillar davomida o‘zgarishsiz qoldi, bu 2006 yil 17 sentabrdagi referendum natijalarida o‘z aksini topdi, unda quyidagilar aniq ko‘rsatilgan: keyinchalik Rossiya Federatsiyasiga erkin qo‘shilish orqali mustaqillik. Mamlakat mustaqilligi - mutlaq ustuvor vazifa», deya ma’lum qildi tan olinmagan DMRning «TIV rahbari» Vitaliy Ignatev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, suverenitet konsepsiyasi va respublikani keng tan olish bo‘yicha xalqaro huquqiy dalillar uzoq vaqtdan beri shakllangan va ularga «hech kim qarshilik ko‘rsatishga qodir emas». 

Shu kuni Moldova Dnestrbo‘yida joylashgan tezkor guruhdan bo‘lgan rossiyalik harbiy xizmatchilarning (OGRO) o‘z hududiga kirishini taqiqladi. «Mamlakatimiz hududidagi betaraflik maqomini buzuvchi noqonuniy tuzilma bo‘lgan Rossiya qo‘shinlarining tezkor guruhi deb ataladigan ofitserlar Moldova hududiga kiritilmaydi», — deya ma’lum qildi Moldova TIV spikeri Daniel Vode. 

Mavzuga oid