Sport | 21:06 / 22.07.2022
16151
10 daqiqa o‘qiladi

Neymar qoladimi? Yoz oxirigacha javobsiz savol

Bir qancha top-klublar Neymarni olmoqchi, ammo murabbiy uni saqlab qolmoqchi. PSJ esa yangi strategiyani qo‘llamoqchi: tarkibni yangilash va iqtidorli fransuzlarni izlash.

Foto: JOHN BERRY/GETTY IMAGES

Bir necha oydan buyon transfer bozorida Neymarning kelajagi muhokama qilinmoqda. Avvaliga uning ketishi, keyin esa qolishi haqida yozildi. Endi esa klub inqilobiy o‘zgarishlar bosqichiga qadam qo‘ydi. Yangi loyihada braziliyalik uchun joy bor yoki yo‘qligini hatto prezident Nosir Al-Xilayfiy ham ayta olmayapti.

Mish-mishlar: Neymar Angliya va Italiyaga «yuborildi», dastlab ketmoqchi bo‘ldi, keyin qolgisi keldi

Braziliyalik futbolchi haqida turli gaplar yozildi: u klubdagi mavqeyidan norozi, Kilian Mbappe bilan ziddiyatda va umuman ketishni istayapti; yoki u hamma narsadan mamnun va qolishga tayyor, chunki oldinda jahon chempionati. Yangiliklar ko‘p edi. Mana ulardan bir nechtasi.

  • France Bleu xabariga ko‘ra, Neymarning qarindoshlari klubga uning hech qayerga ketmasligini ma’lum qilishgan.
  • RMC Sport nashri Neymar «PSJ» prezidenti Nosir Al-Xilayfiy so‘zlaridan xafa bo‘lganini yozdi. Klub rahbari Neymar kerakmi yoki yo‘qmi degan savolga aniq javob bermagan, bu kabi masalalarni matbuotda muhokama qilish noto‘g‘ri, degan so‘zlar bilan cheklangan edi.
  • ESPN xabariga ko‘ra, Neymar «klub uning ketishidan xursand bo‘lishi»ni bilib qolgan va Parijni tark etishga qaror qilgan. Shuningdek, nashr futbolchining agenti Pini Zahaviy ehtimoliy variantlar ustida ishlayotgani, biroq Neymar «PSJ»da topayotgan puliga faqat ikki-uchta jamoa yaqinlasha olishini tushunib yetgani haqida yozdi.
  • El Pais nashri yozishicha, klub Neymar bilan xayrlashmoqchi ekani haqida uning otasini xabardor qilgan.

Shu bilan birga, 1 iyul kuni Neymarning shartnomasi muddati 2027 yilgacha uzaytirilishi haqidagi band ishga tushdi. Ammo endi klubdagilar bundan pushaymon bo‘lishi mumkin. Hozircha Neymarga haqiqiy da’vogarlar yo‘q. Chunki Yevropada nafaqat uning transferi uchun, balki katta maoshi uchun ham mablag‘ topish qiyinligini tushunib turishibdi (braziliyalik forvard «PSJ»da 30 million yevro oladi).

Foto: JOHN BERRY/GETTY IMAGES

Nazariy jihatdan Neymarni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan bir necha klub bor va ulardan biri «Chelsi». ESPN nashrining yozishicha, London klubiga braziliyalik futbolchining agentlari ehtimoliy transfer bo‘yicha murojaat qilishgan va Todd Bouli bunga qarshi bo‘lmagan. Nashrga ko‘ra, yangi xo‘jayin «transfer bozorida katta ishga qo‘l urmoqchi» va buning uchun Neymardan ham yaxshiroq variant yo‘q.

Sky Sport Deutschland xabariga ko‘ra, «Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxel braziliyalikning transferiga qarshi emas. Tiago Silva esa «U «Chelsi»ga o‘tishi kerak», deb ochiq gapirgan: «Bu voqea uning uchun foydali bo‘lardi. Bu haqda hech narsani bilmayman, lekin sodir bo‘lishiga umid qilaman».

Ammo hammasi Neymarning maoshi miqdoriga bog‘liq, hozirda keng ko‘lamli qayta qurish jarayonida bo‘lgan «Chelsi» uni torta olmasa kerak.

Yana bir mish-mish – braziliyalik futbolchi «Manchester Siti»ga o‘tishi mumkin. Fransiyaning Le Parisien nashri «PSJ» Neymarni «shaharliklar» yarimhimoyachisi Bernardu Silvaga almashtirishni taklif qilgani, ammo Xosep Gvardiola bunga rozi bo‘lmagani, chunki Silva uning uchun asosiy o‘yinchilardan biri ekani» haqida yozdi.

«Kechirasiz, lekin bu feyk», – Gvardiola bu xabarga zudlik bilan munosabat bildirdi. – Bu yolg‘on ma’lumot. Neymar aql bovar qilmaydigan o‘yinchi va mendagi ma’lumotlarga qaraganda juda yaxshi yigit. Mish-mishlarga ko‘ra, «Manchester Siti» har yili yozda 150 nafar futbolchini sotib oladi, ammo bu to‘g‘ri emas».

RMC Sport nashri boshqa ingliz klubining qiziqishi haqida xabar berdi – go‘yoki «Manchester Yunayted» Krishtianu Ronaldu ketsa, Neymar nomzodini ko‘rib chiqadi.

«Menga Premer-liga klublarining o‘yin uslubi yoqadi. U yerda o‘ynashni xohlardim. Kim biladi, balki bir kun kelib shunday bo‘lar. Men «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Arsenal», «Liverpul»ga qoyil qolaman. Bu jamoalar doimo sovrin uchun kurash olib borishadi. Premer-ligada kim g‘alaba qozonishini yoki chempion bo‘lishini hech qachon bilib bo‘lmaydi, bu har doim syurpriz», – degan edi Neymar 2017 yilda.

AS nashri iyun oyi oxirida Neymarning vakillari «Yuventus» bilan muzokara o‘tkazgani, biroq italyan klubi rahbariyatini futbolchining maosh bo‘yicha talablari xijolat qilgani haqida yozdi. Biroz vaqt o‘tgach, UOL nashri «Milan» Neymarga jamoadan joy berishga tayyorligi, ammo maoshining faqat bir qismini (yiliga 15-20 million yevro) to‘lashga tayyorligi haqida xabar berdi. Barcha top-klublar aynan uning katta miqdordagi maoshi to‘sig‘iga duch kelishmoqda.

Faktlar: PSJ tarkibni yangilamoqchi, ammo Neymar ketadiganlar ro‘yxatida yo‘q. Murabbiy uni saqlab qolmoqchi

So‘nggi yillarda «PSJ» transferlarga ayamay pul sochdi. Qatar shayxlari klubga egalik qilgan 10 yil ichida faqat xaridlar uchun taxminan 1 milliard yevro sarflangan. O‘tgan yozda parijliklar yana bozorni portlatib yuborishdi, ammo bu safar yuz millionlik transferlar bilan emas, balki yulduzli nomlar bilan: Serxio Ramos, Janluiji Donnarumma, Jorjino Veynaldum va Lionel Messi jamoaga erkin agent sifatida keldi.

«PSJ» transferlar uchun rasman hech narsa to‘lamagan bo‘lsa-da (agentlarga komissiyalar to‘langan bo‘lishi kerak), futbolchilarning maoshi uchun juda ko‘p pul sarflashiga to‘g‘ri keladi.

Transferlar yana yordam bermadi: na Chempionlar Ligasini, na Fransiya Kubogini olishning iloji bo‘ldi. Chempionatdagi g‘alaba, garchi muddatidan oldin qo‘lga kiritilgan bo‘lsa ham, qandaydir yoqimsiz «ta’m»ga ega bo‘ldi. Mavsum oxirida muxlislar maydonda piyoda yurgan «yulduzlar to‘dasi» haqida bir necha bor norozi bayonotlar berishdi.

Sport direktori Leonardo ham chetda qolmadi, u oshib ketgan transfer budjeti bilan muvaffaqiyatga erishilmagani uchun asosiy aybdorlardan biri sifatida ko‘rildi.

«PSJ» haqiqatan ham katta maoshga ega ko‘plab yulduzlarni to‘pladi, shuning uchun yangi direktor Antero Enrike va sport direktori Luish Kampushning birinchi vazifasi jamoani optimallashtirish – maoshlarni qisqartirish va tarkibni sezilarli darajada tozalash edi. Bundan tashqari, Kampush Yevropa ligalaridan yulduz qidirmay, fransuz futbolchilariga ko‘proq e’tibor qaratish kerak degan g‘oya tarafdori edi.

Foto: MASASHI HARA/GETTY IMAGES

Maurisio Pochettino o‘rniga bosh murabbiy bo‘lgan Kristof Galte ham bu g‘oyaga to‘liq qo‘shildi va inqilobiy kampaniyaga tayyor edi.

«Bizda 26 yoki 27 nafar futbolchi bor, darvozabonlarni hisobga olmaganda – bu juda ko‘p», dedi u yaqinda jurnalistlarga. – Shunday futbolchilar borki, ular bilan xayrlashishga majbur bo‘lamiz. Biz ular bilan gaplashdik va bu oson bo‘lmadi. Lekin, bu mavsumni 21 futbolchi va bir nechta yosh o‘yinchilar bilan boshlaymiz. Juda yuqori saviyada o‘ynaydigan yirik klublar eng yaxshi yosh o‘yinchilarni tajribali jamoaga qo‘shishga muvaffaq bo‘ladilar».

Fransiyaning Le Parisien nashri «PSJ» yozda xayrlashmoqchi bo‘lgan 11 nafar futbolchi ro‘yxatini e’lon qildi.

Futbolchilarning ushbu ro‘yxatga kirishiga turli sabablar bor: masalan, Kurzava o‘tgan mavsumda hech qachon maydonga tushmagan; Paredes uchun 35 million yevrolik foydali taklif bilan xaridor allaqachon topilgan; Veynaldum esa Fransiya chempionatida «eng hafsalani pir qilgan futbolchilar» reytingiga kirgan, Draksler o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay olmagan. Ammo Neymar so‘nggi ikki oy davomida uning atrofidagi ko‘plab mish-mishlarga qaramay, ketadiganlar ro‘yxatiga kirmadi. Nega?

Galte shunday javob berdi: «Neymar jahon darajasidagi futbolchi, dunyoning eng yaxshilaridan biri. Qaysi murabbiy u bilan ishlashni istamaydi? Men undan nima kutishim haqida juda aniq tasavvurga egaman. Albatta, men uning qolishini xohlayman. Ha, bu haqda aniq gapiryapman. Ammo men nazorat qila olmaydigan ko‘p narsalar bor».

Uning so‘nggi iborasi nimani anglatadi – nahotki bu braziliyalikning yuqori maoshiga ishora? Buni transfer oynasi tugaguncha bilib olamiz. Bu transfer o‘yini ertaroq yakunlanishi dargumon.

Mavzuga oid