Ismatulla Ergashev transafg‘on temiryo‘li qurilishida xavfsizlikni qaysi davlatlar ta’minlashini aytdi
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev transafg‘on temiryo‘li qurilishi xavfsizligini qaysi davlatlar ta’minlashini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» yo‘nalishi bo‘yicha transafg‘on temiryo‘li qurilishi xavfsizligi O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tomonidan birgalikda ta’minlanadi. Qurilish xavfsizligini asosan afg‘on tomoni ta’minlaydi, O‘zbekiston va Pokistondan xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar jalb etiladi.
Ergashevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ayni paytda transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshirish uchun xalqaro investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
«Rossiya va Qozog‘iston allaqachon ushbu loyihaga qiziqish bildirgan. Xitoy ham loyihaga qo‘shiladi, deb umid qilamiz», - dedi Ergashev.
O‘zbekiston janubidagi Termiz shahri va Mozori-Sharifni bog‘lovchi temiryo‘l 2011 yildan buyon ishlamoqda. U orqali O‘zbekiston hozirda muhtoj afg‘onlarga insonparvarlik yuklarini yetkazib bermoqda. Temiryo‘l «Mozori-Sharif — Kobul—Peshovar» yo‘nalishi bo‘ylab ketgan transafg‘on magistralining bir qismiga aylanadi, bu esa taxminan 537 kilometrga teng. Qurilish 4,8 milliard dollarga tushadi.
O‘zbekiston tomonining fikricha, loyiha amalga oshirilishi Markaziy Osiyo, MDH va Yevropaga tovarlar yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartiradi. Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish 35 kun emas, balki 3-5 kunni tashkil etishi kutilmoqda, tovarlarni yetkazib berish narxi qariyb uch barobarga arzonlashishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, ushbu yo‘nalish bo‘ylab yuk tashish hajmi 10 million tonnaga yetishi mumkin.
Mavzuga oid
20:33
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarini 30 foizga oshiradi
20:00
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» AJning 35 foiz aksiyalari 200 mlrd so‘mga sotildi
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
10:00 / 02.11.2024