Urganch tumani, Qipchoq mahallasida 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Uning chekka hududida yashovchi odamlar ko‘p yillardan buyon tomorqalarini sug‘orishda qiynalmoqda. Gap suv tanqisligida emas, balki mahallaga suv keltiruvchi yagona ariq bilan bog‘liq muammoda bo‘lib turibdi.
Bu haqda mahallada istiqomat qiluvchi 58 yoshli O‘ktam Mavlonov shunday dedi:
«Mahallamizga Do‘stlik kanalining 12-piketidan suv berilishi kerak. Kanaldan mahallamizga keluvchi yagona ariqqa boshqa mahalla aholisi, ba’zi fermerlar nasos bilan ulanib, suvni tortib olmoqda. Oqibatda, 700 metrlik ariqning oxirigacha suv yetib bormayapti. Vaholanki, Qipchoq mahallasi aholisining 3/4 qismi shu ariqdan foydalanishi, tomorqasini sug‘orib, dehqonchilik qilishi kerak. Nasos o‘rnatgan fermerlarda boshqa ariq qazish orqali kanalga ulanish imkoniyati bor. Ammo ular mahallamiz arig‘iga nasos o‘rnatib olgan. Oqibatda, ariqqa suv kelgan paytda tomorqalarimizni sug‘orish imkonsiz. 2-3 fermerning bog‘i tufayli minglab odamlarning tomorqasiga qiron yetyapti. Yerlar qaqrab, ekinlar qurib yotibdi. Bog‘larimizda mevalar to‘kilib qolyapti».

So‘nggi yillarda suv tanqisligi bois, har bir tumanga limit asosida suv berilmoqda. Ammo o‘sha limit doirasida ariqlarga suv kelganida ham, Qipchoq mahallasi aholisi tomorqalarini sug‘ora olmayapti. Boshqa mahalla aholisi, fermerlar o‘rnatgan nasoslar tufayli bu imkonsiz.
Bundan tashqari, mahallaga suv keltiruvchi ariq bilan bog‘liq boshqa muammolar ham bor. Ular haqida 80 yoshli Rajabboy Saparov shunday dedi:
«15 yildan buyon ariqdan suv muntazam kelmay qoldi. Tomorqalarimizni sifatsiz yer osti suvlari bilan sug‘oryapmiz. Bunday suv sho‘r bo‘ladi. Xorazm viloyati sharoitida yerlarning sho‘rlanish darajasi yuqori. Har yili bahorda dalalar, tomorqalar kamida 2-3 marta bostirib sug‘orilmasa, sho‘ri yuvilmaydi. Yer osti suvlari bilan buni amalga oshirish imkonsiz. Ariq suvi bilan sug‘orishimiz kerak, ammo buning iloji bo‘lmayapti».

Har qanday qishloq aholisi kabi qipchoqliklarning turmush tarzi dehqonchilik bilan bog‘liq. Odamlar tomorqasiga ekilgan sabzavotlar, poliz ekinlari, mevali daraxtlar hosilidan foydalanishadi, qo‘shimcha daromad olishadi. Tomorqadagi o‘t-o‘lanlar bilan qoramol, qo‘y, echki boqishadi. Biroq, suvsizlik bilan bog‘liq muammo tufayli, buning imkoniyati kamayib boryapti.
Mahalla oqsoqollari so‘zlariga ko‘ra, oldin deyarli har bir uyda chorva mollari boqilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni barmoq bilan sanarli darajada oz qolgan. Suvsizlik tufayli mollarni yem bilan ta’minlash imkoni bo‘lmayapti.

















