O‘zbekiston | 10:27 / 27.07.2022
9120
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mahalla idoralari yangi binolarga ko‘chirilmoqda

Samarqand viloyatida mahallalarning boshqaruvi yangi binolarga joylashmoqda. Markaziy Bo‘stonsaroy ko‘chasi yoqasida joylashgan, 115 yillik tarixga ega Xo‘ja Yusuf mahallasi ham qulay va shinam yangi binoga ega bo‘ldi.

1913 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ushbu ko‘hna mahallaning yangi binosi tantanali ochilish marosimida viloyat va shahar rasmiylari so‘zga chiqishdi. Mahalla raisi Bahriddin Qo‘shboqovga ko‘krak nishoni topshirildi. Rasmiy alvon lenta kesildi. Mahalla kayvonilari duoga qo‘l ochishdi.

 

Mahalla oqsoqoli Bahriddin Qo‘shboqov o‘zi raislik qilayotgan mahalla haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi. Raisning so‘zlariga ko‘ra, 5 ta ko‘chada 559 ta oilada 14 millatga mansub 2 mingdan ziyon aholi tinch va totuv istiqomat qiladi.

Bahriddin Qo‘shboqov «Xo‘ja Yusuf» Mahalla raisi

Tadbirkorlik homiyligi asosida barpo etilgan mahalla binosida rais, hokim yordamchisi, xatin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchi, yoshlar masalalari bo‘yicha yordamchi va mahalla profilaktika inspektori uchun alohida shinam xonalar baopo etilib, jihozlangan.

Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov mahallada ishlovchi xodimlarning ishlash sharoiti bilan tanishdi.

Viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov viloyatdagi ko‘plab mahallalar yangi binolarga ko‘chib o‘tayotganini ta’kidlab o‘tdi. Bunda mahalliy budjet, homiylar, tadbirkorlarning sa’y-harakatlari, hashar yo‘li bilan, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilmoqda ekan.

Isroil Jabborov, Samarqand viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i

Jumladan, shu paytgacha viloyatda 86 ta mahalla o‘z binosiga ega bo‘lmagan. 101 ta mahallaning kadastr hujjatlari bo‘lsa-da, rasmiylashtirilmagan. 198 ta mahallaning umuman kadastr hujjatlari bo‘lmagan. 400 ga yaqin mahallada elektr hisoblagichi bo‘lmagan.

Reja bo‘yicha hafta ichida viloyatda yana 15 ta mahallaning yangi binosi ochib beriladi.

Ma’lumki, yurtimizda 2022 yil — «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» etib belgilangan. Qabul qilingan davlat dasturiga ko‘ra, mahallalarni obod qilish, yangi binolar qurish, ularni zarur jihozlar, kommunal xo‘jaligi va internet aloqasi tizimi bilan ta’minlash ham nazarda tutilgan. Samarqand viloyatida davlat dasturini bajarish borasida o‘rnak olsa bo‘ladigan ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid