Jahon | 09:38 / 28.07.2022
2803
4 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda Ukrainadan don eksportini nazorat qilish markazi ochildi

Turkiya Ukrainadan g‘alla eksportini nazorat qilish bo‘yicha monitoring markazi oziq-ovqat inqirozini yengib o‘tishga katta hissa qo‘shishiga ishonmoqda.

Foto: TASS

Istanbulda Ukraina donining eksporti bo‘yicha nazorat markazi ochildi. Turkiya markaz oziq-ovqat inqirozini yengib o‘tishga katta hissa qo‘shishiga ishonadi, deya ma’lum qildi Turkiya milliy mudofaa vaziri Hulusiy Akar 27 iyul, chorshanba kuni.

Ushbu bosqichda Ukraina g‘allasi bo‘lgan birinchi kemani jo‘natishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Qora dengizni Marmar dengizi bilan bog‘laydigan Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tayotganda bortda qurol yo‘qligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishi kerak bo‘ladi. 

Koordinatsiya markazi savdo kemalarini ro‘yxatga oladi va harakatlarini, xususan, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yordamida kuzatib boradi, deya qayd etdi Akar. 

Obektning tuzilishi - 22 iyul kuni Istanbulda BMT va Turkiya vositachiligida tuzilgan hamda Ukraina portlarini blokadadan chiqarishga qaratilgan kelishuvning bir qismi. Markaz 23 iyuldan boshlab ishlamoqda. Ukraina, Rossiya va BMTning shartnoma imzolangandan keyin o‘z vakillarini yuborishini Hulusiy Akar kelishuvni bajarishdagi qat’iylik belgisi sifatida baholadi. Gap har tomondan besh nafardan vakil – ham harbiylar, ham fuqarolik xizmatchilari haqida ketmoqda. 

Shu bilan birga, Ukraina harbiy-dengiz kuchlari (HDK) Qora dengizdagi uchta port - Odessa, Chernomorsk va Yujniyda ish qayta boshlanganini e’lon qildi. «Kemalar birinchi kemaga hamrohlik qiluvchi karvonni tashkil qilish orqali dengiz portlaridan chiqib ketadi va u yerga qayta kirib keladi. Ammo bu gidrograf mutaxassislarining mashaqqatli ishi bilan bog‘liq», - deb ta’kidladi HDK matbuot xizmati Facebook’da. Hozirda Ukraina doni bo‘lgan kemalar harakatining xavfsiz yo‘llari belgilanmoqda. 

«Harbiylar va fuqarolik mutaxassislari suvosti obektlarini sinchiklab qidirmoqda, navigatsiya xavfsizligini ta’minlashga yordam beradigan maxsus uskunalar o‘rnatmoqda. Gidrografik tadqiqot ishlari ham davom etmoqda - chuqurlik, o‘tish kanallari va tavsiya etilgan yo‘nalishlarni aniqlash», - deya bildirdi HDK.

Ayni paytda, RF TIV rahbari o‘rinbosari Andrey Rudenko kelishuv barbod bo‘lishining oldini olish mumkinligiga umid bildirdi. Diplomat kelishuvlarning ikkita komponentini eslatdi — Ukrainadan g‘alla olib chiqish va Rossiya g‘allasini eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash.

22 iyul kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Ukrainadan Qora dengiz orqali g‘alla yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolanganini ma’lum qildi. Bosh kotibning so‘zlariga qaraganda, erishilgan kelishuvga ko‘ra, eksport Ukrainaning uchta porti – Odessa, Chornomorsk va Yujniydan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Guterrishning qayd etishicha, kelishuvga rioya etilishini ta’minlash uchun monitoring markazi tashkil etiladi. 

O‘z navbatida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yaqin kunlarda Qora dengizda transport yo‘laklari ishlay boshlashini aytdi. Muzokaralarda BMT, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirok etdi. Oradan bir kun o‘tib, 23 iyul kuni Odessa porti Rossiya tomonidan raketa zarbalariga uchradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid