O‘zbekiston | 08:37 / 28.07.2022
8609
2 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan yoshlarga ish va til o‘rganish uchun subsidiya ajratiladi

2022 yil 1 avgustdan nogironligi bo‘lgan yoshlarga subsidiya ajratish boshlanadi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.

Hukumat qarori bilan nogironligi bo‘lgan yoshlarga subsidiya ajratishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlangan.

Nogiron yoshlarga nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunar, dasturlash, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, zarur hollarda yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun 15 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Subsidiya olish uchun arizalar joriy yil uchun – 2022 yil 1 avgustdan, 2023 yildan boshlab har yili – 10 yanvardan qabul qilinadi. Subsidiya olish uchun istalgan davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi yoki YaIDXP orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tiladi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

o‘qish xarajatlari uchun subsidiya olishda:

  • ariza bolaning qonuniy vakili tomonidan berilsa, uning shaxsiy identifikatsiya raqami va bolaning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
  • nodavlat ta’lim tashkiloti tomonidan ariza beruvchini o‘qitish to‘g‘risida shartnomaning elektron nusxasi;

yashash va transport xarajatlari uchun subsidiya olishda:

  • yo‘l xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari;
  • ijara shartnomasi va uning soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi haqidagi bildirishnomaning elektron nusxasi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid