Ko‘rishga yurak betlamaydigan qiynoqlar

Jonivorlarga zo‘ravonlik aks etgan videolar yaqindan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik ularga ozor berish holatlariga bolaligidayoq guvoh bo‘lgan. Qiynoqlar tasviri tarqalgandan so‘nggina, jamoatchilik bu masalaga e’tibor qaratishni boshlayapti. Jonivorlarga zo‘ravonlikka oid holatlarning o‘ndan ortig‘i o‘tgan bir yilning o‘zida kuzatilgan.

Sodir etish tugul, qarashga yurak betlamaydigan tasvirlardan biri 2021 yilning iyun oyida Namanganda 9-13 yoshli o‘quvchilar tomonidan sodir etilgandi. O‘shanda bolalar itni daraxtga olib chiqib, arqonni shoxga bog‘lab, unga itni ilib qo‘yishgan. It tipirchilab, arqondan chiqolmay jon bergan.

Yana bir holat 2021 yil noyabr oyida Toshkentning Yashnobod tumanida yuz bergan. Unda 20 yoshli yigit 5 mushukni ushlab, ularni pod’yezdga olib kirib qiynagan. 40 daqiqa davomida azoblangan mushuklardan biri jon bergan.

2022 yilning o‘zida yuz bergan yana ikki holat dilni juda xira qiladi. Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida olingan videoda ikki erkak eshaklarni falaj qilish, yiqitish uchun ularning bo‘yin va boshiga xoda bilan tinimsiz urgan, eshaklardan biri karaxt holda yerga yiqilgan. Kadrda jonivorlarga nisbatan bo‘layotgan shafqatsiz munosabatni voyaga yetmagan yosh bola kuzatib turgani ham aks etgan.

Jizzaxda yuz bergan yana bir holat esa vahshiylikning eng yuqori darajasi bo‘lsa kerak. Unda Zafarobod tumani «Chimqo‘rg‘on» QFYda joylashgan «Xuaxin» sement zavodi ishchisi kiyimidagi shaxs kuchuk bolasini tiriklayin kuydirayotgani aks etgan. Yana ham achinarlisi, yoshlar orasida jonivorlarni qiynab, uni Tik Tok’dagi sahifasiga qo‘yib, shu yo‘l bilan pul ishlaydigan qatlam ham paydo bo‘lishni boshlagan.

Yuqoridagi kabi himoyasiz hayvonlarni azoblagan fuqarolarga u yoki bu darajada jarima, jazo berilgan. Lekin jarimalar bunday holatlarning qayta sodir bo‘lmasligi uchun yetarlimi?