Jahon | 15:39 / 02.08.2022
4784
4 daqiqa o‘qiladi

«Yandeks» sobiq rahbari sudda Yevroittifoq sanksiyalariga qarshi chiqdi

«Yandeks» sobiq bosh direktori Tigran Xudaverdyan sanksiyalar bekor bo‘lishini talab qilib, ularni asossiz deb atadi va Rossiya rasmiylarining Ukrainadagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi.

Foto: DPA

«Yandeks» kompaniyalar guruhi sobiq boshqaruvchi direktori Tigran Xudaverdyan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarga e’tiroz bildirish maqsadida YeI kengashi ustidan Lyuksemburgdagi Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Da’vo 7 iyun kuni berildi, RTVI telekanali 1 avgust, dushanba kuni unga e’tibor qaratdi. 

Xudaverdyan o‘z da’vosida uning samarali sud himoyasiga bo‘lgan huquqi buzilganini ta’kidlagan, chunki kengash unga nisbatan sanksiyalar qo‘llashning aniq sabablarini keltirmagan, biroq mavhum asoslar bilan cheklangan.

Bundan tashqari, Xudaverdyan Rossiya rasmiylarining Ukrainaga bostirib kirishi borasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlamasligini, «Yandeks» kompaniyasi esa YeI kengashi bildirganidek «Ukrainadagi urush haqidagi ma’lumotlarni ruslardan yashirishning asosiy elementi» ham, «RF hukumati uchun katta daromad manbai» ham emasligini yozadi.

Tadbirkor cheklovlar qo‘yish asoslarini «kengash tomonidan ko‘zlangan maqsad nuqtayi nazaridan kamsituvchi va nomutanosib» deb atadi. Xudaverdyan jazo choralari uning asosiy huquqlari, ya’ni mulk, shaxsiy va oilaviy hayotni hurmat qilish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish erkinligini buzganini ta’kidladi. 

Yevroittifoq 15 mart kuni Xudaverdyanga nisbatan jazo choralarini qo‘llagan edi – o‘sha kuni u Yelena Bunina o‘rniga «Yandeks» bosh direktori lavozimini egalladi. Ertasi kuni u ham o‘z lavozimini tark etdi va kompaniya direktorlar kengashidan chiqib ketdi. 

Yevroittifoq Xudaverdyanga qarshi sanksiyalarni asoslashda «Yandeks.Novosti» servisining ismi oshkor etilmagan sobiq rahbari so‘zlaridan kelib chiqqan, u kompaniyani Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi «ma’lumotni yashirishning asosiy elementi» deb ta’riflagan. 

Bundan tashqari, YeI hujjatiga ko‘ra, Xudaverdyan 24 fevral kuni Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ishbilarmonlarning uchrashuvida ishtirok etdi, bu esa «u Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan doira a’zosi» ekanini va «Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga tahdid solayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashi»ni bildiradi. Iyul oyida Kanada ham Xudaverdyanga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. 

Mart oyi boshida Xudaverdyan Facebook’dagi sahifasida «ko‘pchilik «Yandeks»dan zudlik bilan zirhli mashinaga o‘tirib, o‘z pozitsiyasini baland ovozda e’lon qilishni talab qilayotgani» haqida yozgan edi. «Menimcha, har qanday harakat hissiyotlar bilan emas, balki asosiy ustuvor jihatlar bilan belgilanishi kerak. Biz hozir himoya qilayotgan narsa - biznes emas. Bu mamlakatda yashovchi odamlar uchun elektr yoki suv kabi zarur servislardir. Qidiruv tizimi qidirish bilan shug‘ullanishi kerak. Taksi kelishi, tovar va oziq-ovqat yetkazib berilishi kerak. Infratuzilma - ishlashi. Shu sabablarga ko‘ra, zirhli mashinaga chiqa olmaymiz. Umid qilamanki, vaziyatni yetarlicha tushuntirdim», — deb yozgan Xudaverdyan. 

Mavzuga oid