Jahon | 12:52
1148
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tankeri O‘rta Yer dengizida boshqaruvni yo‘qotdi

YeI sanksiyasi ostidagi, 730 ming barrel neft yuklangan Rossiyaning “Progress” tankeri Jazoir sohillari yaqinida yo‘nalishdan chiqib ketdi. Bir kun oldin Fransiya o‘xshash yo‘nalishda ketayotgan GRINCH tankerini O‘rta Yer dengizida to‘xtatgan edi.

Foto: Damien Meyer/AFP

Yevroittifoq va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida bo‘lgan, Rossiya neftini tashigani uchun cheklov qo‘yilgan “Progress” tankeri Jazoir sohillari yaqinida kursdan chiqib, O‘rta Yer dengizida boshqaruvni yo‘qotdi. Bu haqda 23 yanvar, juma kuni Bloomberg agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, LR2 sinfidagi kema taxminan 730 000 barrel Urals turidagi Rossiya neftini tashigan va Shimoliy Afrika sohillari bo‘ylab sharq tomon, Suvaysh kanali sari harakatlanayotgan bo‘lgan. Ammo chorshanba kuni tushdan keyin Jazoirdan o‘tib ketgach, tanker kutilmaganda keskin shimol tomon burilib, dengiz qatnov yo‘llaridan chiqib ketgan. Payshanba kuni ertalab uning navigatsiyadagi holati “boshqarib bo‘lmaydi” deb o‘zgargan, tezligi esa taxminan soatiga bir uzelgacha pasaygan.

Bloomberg ta’kidlashicha, qatnov yo‘llaridan chiqish, tezlikning pasayishi va boshqaruv yo‘qolishi tankerning manyovr qila olmasligi va istisno holatlar tufayli boshqa kemalarga yo‘l berish imkoni yo‘qligini anglatadi. Bunday holatlarga rul tizimi, dvigatel yoki quvvat uskunasi ishdan chiqishi, elektr ta’minoti uzilishi yoki kutilmagan shikastlanishlar sabab bo‘lishi mumkin.

Bundan bir kun oldin, 22 yanvar kuni, Fransiya harbiy-dengiz kuchlari O‘rta Yer dengizining g‘arbiy qismida Rossiyaning GRINCH neft tankerini to‘xtatgani ma’lum bo‘lgan edi. U “soya floti”ga aloqador bo‘lishi mumkin, deb gumon qilingan. Operatsiya Ispaniya janubiy sohili bilan Marokashning shimoliy sohili orasida o‘tkazilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron operatsiya vaqtida Fransiyani bir necha ittifoqchilar, jumladan Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kema xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lib, ehtimol, soxta bayroq ostida yurgan.

“Soya floti” asosan eski kemalardan iborat bo‘lib, ular g‘arbning sug‘urta va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlaridan tashqarida foydalaniladi. Shu orqali Rossiya Ukrainaga qurolli bostirib kirishidan keyin Yevroittifoq joriy etgan sanksiyalarni chetlab o‘tadi.

Xalqaro Equasis dengiz ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 19 yillik “Progress” tankerini Sankt-Peterburgdagi Legacy Marine LLC kompaniyasi boshqaradi. Hozir kema Rossiya bayrog‘i ostida yuradi va noyabr oyida Rossiya Dengiz kemachiligi reyestriga kiritilgan.

Mavzuga oid