Jahon | 10:47 / 06.08.2022
4005
2 daqiqa o‘qiladi

YeIda gazni tejash bo‘yicha favqulodda reja kuchga kiradi

Yevroittifoq davlatlari tomonidan kelishilgan, gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha favqulodda vaziyat rejasi kuchga kirgunga qadar oxirgi to‘siqni yengib o‘tdi va «YeI rasmiy jurnali»da chop etilganidan keyin ishlay boshlaydi.

Foto: AFP/Getty Images

Gaz iste’molini kamaytirish bo‘yicha favqulodda vaziyat rejasi kuchga kirgunga qadar oxirgi rasmiy to‘siqni yengib o‘tdi. Bu haqda 5 avgust, juma kuni Chexiya – Yevropa ittifoqi kengashining amaldagi raisi vakolatxonasi ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, YeI barcha mamlakatlari avgust oyi boshidan keyingi yil martigacha gaz iste’molini so‘nggi besh yildagi o‘rtacha iste’molga nisbatan ixtiyoriy ravishda 15 foizga kamaytirishi ko‘zda tutilgan. Uning maqsadi - Rossiyadan gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytirish. 

Agar keng ko‘lamli ta’minot tanqisligi fonida yetarli darajada tejash imkoni bo‘lmasa, keyingi qadam YeI doirasida ogohlantirish e’lon qilish hamda gaz iste’molini tejash bo‘yicha majburiy maqsadlarni belgilash bo‘ladi, bunda ushbu ko‘rsatkichlar uchun to‘siqlar Yevrokomissiya birinchi loyihasiga nisbatan oshiriladi. Bu qadam YeIning kamida 15 mamlakati roziligini talab qiladi, ular esa butun Yevroittifoq aholisining kamida 65 foizini tashkil qiladi. 

Shu bilan birga, Yevropa energetika tizimi bilan bog‘lanmagan YeIning bir qator davlatlari gazni majburiy qisqartirishdan ozod qilinadi, chunki ular Yevroittifoq boshqa davlatlari manfaatlari uchun teng taqsimlash maqsadida katta miqdordagi yonilg‘ini bera olmaydi. 

Dastlab, favqulodda vaziyat rejasi bir yil davomida amal qiladi. Undan oldin u 26 iyul kuni YeI davlatlari energetika vazirlarining Bryusselda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullangan edi. Reja «YeI rasmiy jurnali»da e’lon qilingandan so‘ng kuchga kiradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid