Jahon | 14:57 / 08.08.2022
7090
3 daqiqa o‘qiladi

Helsinkida SSSR tomonidan hadya qilingan «Butun dunyoda tinchlik» monumenti demontaj qilindi

Sovet ittifoqi Finlandiyaga 1989 yilda sovg‘a qilgan monumentning demontaj qilinishini rasmiylar transport harakatining qayta tashkil etilishi bilan izohladi. Uning taqdiri keyinroq hal qilinadi.

Foto: Shutterstock

Helsinkida sovet ittifoqining Finlandiyaga sovg‘asi bo‘lgan «Butun dunyoda tinchlik» monumenti demontaj qilindi. Bu haqda 8 avgust, dushanba kuni mahalliy Yle telekompaniyasi ma’lumot berdi. 

Uning ma’lumotiga ko‘ra, Xakaniyemenranta ko‘chasida turgan yodgorlik ertalab poydevordan olib tashlangan, barjaga ortilgan va shahar san’at muzeyi omboriga jo‘natilgan. Uning kelajakdagi taqdiri keyinchalik muzey rahbariyati va Helsinki meriyasi tomonidan belgilanadi. Shahar hokimligi yodgorlikni olib tashlash qarorini ko‘cha va unga tutash maydonda harakatni qayta tashkil etish bilan izohladi. Uning o‘rniga piyodalar yo‘lagi yotqiziladi. 

Sovet haykaltaroshi Oleg Kiryuxin tomonidan ishlangan, 6,5 metr balandlikdagi «Butun dunyoda tinchlik» bronza kompozitsiyasida turli qit’alardan kelgan odamlar ko‘tarilgan qo‘llarida novdalar bilan hoshiyalangan globusni ushlab turgan holda tasvirlangan. Moskva Helsinkiga yodgorlikni 1989 yilda sovg‘a qilgan va uning ochilishi 1990 yil yanvarida, Berlin devori qulaganidan ko‘p o‘tmay yuz bergan. U bir necha bor bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan va vandallarning hujumiga uchragan. Yodgorlikni demontaj qilish zarurligi haqidagi bahslar so‘nggi oylarda Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi fonida avj oldi. 

Urush boshlanganidan keyin Boltiqbo‘yi mamlakatlarida SSSR davridagi yodgorliklar ham ommaviy ravishda demontaj qilina boshladi. 4 avgust kuni Estoniya hukumati «imkon qadar tezroq» barcha sovet obidalarini jamoat joylaridan olib tashlashga qaror qildi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 200 tadan 400 tagacha bunday yodgorliklar mavjud. 

Avvalroq, Latviya sovet yodgorliklari va monumentlaridan xalos bo‘lishga qaror qilgandi, xususan, Rigada sovet askarlari yodgorligini buzishga qaror qilindi. Rigadan so‘ng, mamlakatning boshqa shaharlarida ham yodgorliklar olib tashlanmoqda yoki ko‘chirilmoqda, ularni sovet istilosining ramzlari deb atashadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid