AEXA rahbari agentlik ekspertlarini Zaporijjya AESga kiritishni talab qildi
Rafael Grossi Rossiya va Ukrainani AEXA inspektorlarini Zaporijjya AESga kirishiga imkon qadar tezroq ruxsat berishga chaqirdi va ekspertlar missiyasini boshqarishga tayyorligini bildirdi.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bosh direktori Rafael Grossi Rossiya va Ukrainani 4 martdan beri Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporijjya atom elektr stansiyasiga (ZAES) zudlik bilan AEXA mutaxassislarini kiritishga chaqirdi. «Ikkala tomondan AEXA bilan hamkorlik qilishni va missiyani Zaporijjya AESga kirishga imkon qadar tezroq ruxsat berishni so‘rayman», dedi Grossi 11 avgust, payshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashining Zaporijjya AES bo‘yicha favqulodda yig‘ilishida video-aloqa orqali so‘zlagan nutqida. «Vaqt o‘tib bormoqda», deb ta’kidladi xalqaro agentlik rahbari.
AQSh, shuningdek, AEXA inspektorlarini doimiy hujum ostida bo‘lgan Zaporijjya atom elektr stansiyasiga kiritishga chaqirdi. AQSh davlat kotibining qurol nazorati bo‘yicha o‘rinbosari Bonni Jyenkins o‘sha uchrashuvda: «bu tashrifni endi kechiktirib bo‘lmaydi», dedi. Rossiya ZAES yaqinidagi barcha operatsiyalarni to‘xtatishi, Zaporijjyani ukrainaliklarga qaytarishi va qo‘shni davlatdan qo‘shinlarini olib chiqishi kerak, dedi Jyenkins.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh AESning ukrainalik xodimlariga rossiyalik harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘pol munosabatda bo‘linayotganidan xabardor. «Ukrainalik xodimlar rus askarlari tomonidan bosim o‘tkazilmasdan o‘zlarining muhim vazifalarini bajara olishlari kerak», dedi Bonni Jyenkins.
BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishidan bir necha soat oldin Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi yana og‘ir artilleriya va raketa qurilmalaridan o‘qqa tutildi.
O‘z navbatida, Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa BMT Xavfsizlik kengashida so‘zga chiqib, Zaporijjya AESda yadroviy tahdidni bartaraf etishning yagona yo‘li - Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish va stansiya ustidan Ukraina nazoratini qaytarish ekanligini aytdi. Rossiya ZAESda xavfli provokatsiyalarga qo‘l urmoqda, u yerga harbiy texnikani joylashtirmoqda, ulardan rossiyaliklar Dnepr bo‘yidagi Ukraina shaharlarini o‘qqa tutmoqda, dedi Kislitsa.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirish orqali va-bankka borgan. RF hech qanday shartlarsiz AEXA missiyasini qabul qilishini bildirishi va missiyaning Ukrainadan o‘tishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bundan tashqari, AES va unga yaqinlashish joylarini minalardan tozalash hamda stansiyadan RF qo‘shinlari, qurol-yarog‘ va texnikasini olib chiqish zarur, deya talab qildi Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili.
BMT Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi Rossiyaning iltimosiga binoan o‘tkazildi. Bir necha kun davomida Zaporijjya AES atrofidagi hududda intensiv otishmalar kuzatildi. Rossiya va Ukraina hujumlarda bir-birini ayblamoqda.
Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSh bilan bir qatorda, Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining veto huquqiga ega doimiy a’zosidir. Hozirda Birlashgan millatlar tashkilotining eng nufuzli organiga raislik Xitoyga tegishli.
Mavzuga oid
10:30 / 11.11.2024
RF Zaporijjya va Mikolayivga zarba berdi: kamida besh kishi halok bo‘ldi
10:00 / 21.10.2024
RF qo‘shinlari Zaporijjyaga hujum qildi: 10 kishi yaralandi
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024