O‘zbekiston | 07:55 / 12.08.2022
2931
4 daqiqa o‘qiladi

Bo‘sh turgan davlat obektlari ijaraga beriladi yoki sotiladi

Bo‘sh turgan davlat va davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari obektlarini ular roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi loyihasi e’lon qilindi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli xatlov natijasida aniqlangan uch oydan ortiq muddat (ijtimoiy soha obektlardan tashqari) obekt ular roziligisiz ijaraga berish yoki sotish tartibga muvofiq savdolarga chiqariladi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli uch oydan ortiq bo‘sh turgan obektlarini ular roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

Ijaraga beruvchi tomonidan xatlov davomida aniqlangan obekt axborot tizimiga bo‘sh turgan obekt sifatida kiritilib, ro‘yxati shakllantiriladi.

Obekt aniqlanib, axborot tizimiga kiritilgandan so‘ng uch kun muddatda uni balansida saqlovchiga bir oy muddatda obektdan samarali foydalanishi, aks holda obekt ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarilishi to‘g‘risida ijaraga beruvchi tomonidan ogohlantirish xati yuboriladi.

Axborot tizimiga kiritilgan kundan boshlab uch oydan ortiq vaqt davomida bo‘sh turgan davlat obektlarini savdoga chiqarish uchun ijaraga beruvchi va sotuvchi vakillari birgalikda joyiga chiqqan holda:

  • bo‘sh turgan obekt joylashgan joyi;
  • ixtisosligi (agar mavjud bo‘lsa);
  • mulkchilik shakli;
  • holati (foydalanishga yaroqliligi);
  • kadastr hujjatlariga muvofiq obekt umumiy yer maydoni va bino-inshootlar egallagan maydoni hamda balansda saqlovchisi (mulkdori);
  • obekt bo‘sh turgan muddati (obekt bo‘sh turgani birinchi marta aniqlangan kundan boshlab hisoblanadi);
  • bo‘sh turgan obekt prezident, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan dasturga kiritilgani hamda tarmoq jadvalida mavjudligi yoki mavjud emasligi;
  • xususiylashtirish dasturlariga kirgani, obektdan kelgusida samarali foydalanish bo‘yicha vakolatli organ qarori mavjudligi;
  • obekt haqidagi, shu jumladan obektga nisbatan taqiq (cheklov) mavjudligi o‘rganiladi va ular haqidagi ma’lumotlar hamda obektlar kadastr pasporti nusxalari axborot tizimi orqali olinadi.

Obekt quyidagi hollarda ijaraga berish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi:

  • prezident, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan, obektdan samarali foydalanish bo‘yicha tarmoq jadvali mavjud va qisman bo‘sh (xona, maydon) turganda;
  • obekt balansda saqlovchisi tomonidan bino-inshootlaridan kelgusida o‘z sohasida foydalanish ehtiyoji mavjudligini, kamida 5 yillik demografik o‘sish darajasini inobatga olgan holda aniq hisob-kitoblarga asoslangan takliflarni ijaraga beruvchiga taqdim etgan taqdirda.

keltirilgan talablarga muvofiq bo‘lmagan, alohida turgan to‘liq bo‘sh, foydalanishga yaroqli obekt belgilangan tartibda sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, ijaraga beruvchi va sotuvchi tomonidan obektni ixtisosligidan kelib chiqib ijaraga berish yoki sotish yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi va bu haqda ikki ish kunida obekt balansda saqlovchisiga xabarnoma yuboriladi.

Ijaraga beruvchi tomonidan obektni ijaraga berish yoki sotish to‘g‘risida axborot tizimiga ma’lumot kiritiladi.

Mavzuga oid