Ozoda Islomova – Turkiyadagi O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati asoschisi va rahbari. U Kun.uz muxbiri bilan Istanbulda kechgan suhbatda Turkiyadagi o‘zbek ayollariga munosabat, ularni qiynayotgan muammolar va faoliyati davomida duch kelayotgan holatlar haqida gapirib berdi.

“Turkiyadagi o‘zbek ayollari muammosini kimga aytishni bilmasdi”

— O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi Murojaatlar bo‘limi rahbari sifatida ishlaganman. U yerda ayollarning turfa murojaatlarini tinglar, imkon qadar yordam berar edik. Qo‘mita tugatilganidan so‘ng oz muddat XDP markaziy apparatida ishladim va keyin taqdir taqozosi bilan oilaviy sabablar tufayli Turkiyaga ko‘chib kelishimiz lozim bo‘ldi.

Bu yerga kelgach, o‘z ustimda ishlab, o‘qib, rivojlanishni istadim, ishdan ma’lum muddat voz kechaman, deb reja qildim. Biroq bo‘lmadi. Yo‘l-yo‘lakay o‘zbek ayollarining muammolariga guvoh bo‘ldim, murojaatlarini tingladim. Ayrim hollarda quloqqa chalinib qolardi, gohida shunchaki yaqin olib dardlashishardi. Biroq muammolar bor-u, ularni tinglaydigan odam yo‘q, yechim va ko‘mak beradigan tashkilot yo‘q. Ha, konsulxonamiz bor, biroq ayollarning muammolarini ayollar hal qilib bera oladigan tashkilotga ehtiyoj bor, ayol dardini ayol tushunadi, axir. Chet elda bo‘lganidan keyin dardlar ortadi – farzand sog‘inchi, oila sog‘inchi, Vatan sog‘inchi. O‘z uyidagi tashvishlar boshqa, uyidan uzoqda bo‘lganidagi tashvishlar boshqa. Har bir ayolga individual yondashish lozim bo‘ladi.

Shunda mana shu jamiyatni ochishga qaror qildim. Bizni obdon tekshirishdi. Xorijiy tashkilotni bilasiz, ikki karra ko‘proq tekshirishadi. Jamiyat tashkil etilganiga avgust oyida 1 yil bo‘ladi (suhbat 2022 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan – tahr.). Jamiyatimizga murojaat qilgan ayollarning muammolari hal bo‘lishiga yordamlashib, yaxshi nom qozondik, shekilli, jamiyatimiz haqidagi ijobiy gaplar og‘izdan og‘izga ko‘chib, murojaat qiluvchilar ko‘paya bordi.

“Ko‘p murojaatlar – aldangan, uysiz, pulsiz qolgan ayollardan”

— Bu yerda biz birinchi navbatda huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatamiz. Murojaat qilgan vatandoshimiz bilan muammosi hal bo‘lguniga qadar birga bo‘lamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, uning Vatanga uchishida samolyot trapigacha olib chiqib qo‘yamiz. Ammo Vatanga qaytib borgach, o‘z yo‘lini topa olmagan ayol-qizlarimiz yana bizga murojaat qilishyapti. Biz konsulxona bilan birgalikda mana shu muammolarni ham bartaraf etishga, bir tizimni yo‘lga qo‘yishga, ya’ni O‘zbekistonga qaytib borgan xotin-qizlar jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashadigan dastur ishlab chiqish niyatidamiz.