Jahon | 16:55 / 12.08.2022
6575
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina portidan bug‘doy ortilgan birinchi kema jo‘nab ketdi

Turkiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, Ukraina portlaridan yana ikkita yuk kemasi chiqqan, ulardan birida bug‘doy bor. Oxirgi ikki hafta ichida jami 14 ta kema jo‘nab ketdi.

Foto: Anadolu agency

12 avgust, juma kuni g‘alla tashuvchi yana ikkita yuk kemasi BMT va Turkiya vositachiligida tuzilgan kelishuv doirasida Qora dengizdagi Ukraina portlarini tark etdi. Ular orasida bug‘doy tashuvchi kema ham urush boshidan beri birinchi marta portdan chiqib ketdi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligi Twitter’da ma’lum qildi.

Mahkama ma’lumotlariga ko‘ra, Beliz bayrog‘i ostidagi Sormovsky yuk kemasi Chernomorsk portidan jo‘nab ketgan, u Turkiya shimoli-g‘arbidagi Tekirdog‘ shahriga 3,5 ming tonna bug‘doy yetkazib beradi. Marshall orollari bayrog‘i ostidagi Star Laura kemasi Yujniy portidan Eronga 60 ming tonna makkajo‘xori olib boryapti. 

Bu haqdagi ma’lumotni Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov tasdiqladi. 

Shu tariqa, don olib chiqish bitimi doirasida so‘nggi ikki hafta ichida Ukraina portlaridan oziq-ovqat yuklangan 14 ta yuk kemasi chiqib ketdi. Hozirgacha yuk tashuvlarining asosiy qismida hayvonlar uchun ozuqa ishlab chiqarish yoki yonilg‘iga qayta ishlash uchun mo‘ljallangan don olib ketilayotgandi.

Ulardan biri - Polarnet 8 avgust kuni Izmit ko‘rfazidagi Derinjye portiga bortda taxminan 12 ming tonna makkajo‘xori olib keldi. Don olib chiqish tashabbusi doirasida Ukraina portini birinchi bo‘lib tark etgan va Livanning Tripoli shahriga yo‘l olgan Razoni kemasi livanlik mijoz mahsulotdan voz kechgach, Turkiyaning Mersin shahrida to‘xtab qolgan. Endi, Marine Traffic portaliga ko‘ra, bu yuk kemasi Misrga yo‘l oladi. Qolgan 12 ta yuk kemalari hamon belgilangan portlarga jo‘nab ketmoqda. 

22 iyul kuni Istanbulda BMT va Turkiya vositachiligida RF va Ukraina o‘rtasida kelishuv imzolandi, uning maqsadi Ukraina portlarini don olib chiqish uchun ochib qo‘yishdan iborat. Ushbu kelishuvga ko‘ra, hozirda Ukrainada to‘sib qo‘yilgan 20-25 million tonna g‘alla nihoyat eksport qilinishi mumkin. Xususan, kelishuv Qora dengizda Ukraina qirg‘oqlaridan Bosfor bo‘g‘ozigacha bo‘lgan xavfsiz yo‘laklarni nazarda tutadi. 

Ushbu koridorlardagi kemalarga va tegishli portlarga hujum qilish mumkin emas. G‘alla eksporti Istanbuldagi koordinatsiya markazida kuzatilmoqda. Unda BMT boshchiligida Rossiya, Ukraina va Turkiya vakillari ishlayapti. Eksport Ukrainaning uchta portidan - Odessa, Chornomorsk va Yujniydan amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid