Jahon | 09:25 / 13.08.2022
10219
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyaga Rossiya neftini yetkazib berish qayta tiklandi

Chexiya tomoni, xuddi Slovakiyaning Slovnaft neft kompaniyasi va Vengriyaning MOL bosh kompaniyasi kabi, tranzit yig‘imini to‘lash yo‘lini topdi.

Foto: Reuters

Bir haftadan ko‘proq davom etgan tanaffusdan so‘ng, Ukraina orqali tranzit o‘tadigan «Drujba» quvurining janubiy qismi orqali Rossiya neftini Chexiyaga yetkazib berish qayta boshlandi. 12 avgust, juma kuni kechqurun AFP agentligiga «Drujba» neft quvurining Chexiya uchastkasi egasi va operatori Mero kompaniyasi matbuot kotibi «yetkazib berish soat 20:00 da qayta tiklandi», dedi. Chexiya sanoat va savdo vaziri Yuzef Sikela avvalroq uning mamlakati neft tranziti uchun yig‘imlarni to‘lash yo‘lini topganini aytgandi. 

Gaz quvurining Rossiya operatori «Transneft» kompaniyasi 9 avgust kuni Ukraina orqali neft yetkazib berish 4 avgust kuni to‘xtatilganini ma’lum qildi. «Transneft» buni iyul oyi oxirida G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari Ukrainaga tranzit yig‘imlarini to‘lashga to‘sqinlik qilgani bilan izohladi. Chexiyadan tashqari Slovakiya va Vengriya ham jabr ko‘rdi. 

Shundan so‘ng, Slovakiyaning Slovnaft neft kompaniyasi va uning Vengriyaning MOL bosh kompaniyasi Ukraina orqali o‘tadigan quvur qismi uchun tranzit yig‘imlari to‘lashni taklif qildi. Ukraina va Rossiya tomoni ham rozi bo‘ldi. 10 avgustda Slovakiyaga, 11 avgustda Vengriyaga yetkazib berish qayta tiklandi. Chexiya o‘z nomidan muzokaralar olib bordi va muammoni hal qilishga muvaffaq bo‘ldi. 

Aprel oyida Yevropa ittifoqi davlatlari sanksiyalarning oltinchi to‘plami doirasida Rossiyaga qarshi neft embargosini bosqichma-bosqich joriy etishga kelishib oldi. Biroq, Vengriya, Chexiya va Slovakiya RF ta’minotiga qattiq qaramligini bildirib, «Drujba» quvuri orqali Rossiya nefti importi bo‘yicha YeI embargosiga bir qancha muddat davomida qo‘shilmaslikni so‘ragan. 

Mavzuga oid