Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘iston o‘z neftini Ozarboyjon orqali sotishi haqidagi xabarni rad etdi. Biroq muqobil yo‘llar izlanmoqda
Qozog‘iston energetika vaziri mamlakat o‘z neftining bir qismini shu yil kuzdan boshlab Rossiyani chetlab o‘tib, Boku–Tbilisi–Jyeyhan yo‘nalishida sota boshlashi haqida Reuters tarqatgan xabarni rad etdi. Biroq u “muqobil yo‘llar haqida o‘ylash kerakligi”ni ham qo‘shimcha qildi. Qozog‘iston nega neft eksporti bo‘yicha yangi yo‘nalishlar qidiryapti?
Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov Qozog‘istonning kuzdan boshlab Baku–Tbilisi–Jyeyhan yo‘nalishi bo‘yicha neft tashish niyati haqidagi xabarlarni rad etdi.
“Men ham bu xabarni o‘qidim. Neft tashish bo‘yicha qandaydir shartnoma imzolaymiz, deb o‘ylamayman. Bu kabi masalalar asosan milliy kompaniyalar darajasida muhokama qilinadi. Ammo biz sentabr oyida neft jo‘natish bo‘yicha shartnoma imzolash haqida gapirmayapmiz. 1,5 mln tonnalik ko‘rsatkichga kelsak, bu juda kulgili, chunki bunday hajm eksport yo‘nalishi bilan bog‘liq muammomizni hal qila olmaydi”, dedi vazir matbuot anjumanida.
Akchulakovning so‘zlariga ko‘ra, Kaspiy quvurlari konsorsiumi masalasini siyosiylashtirish kerak emas. Qozog‘istonning bugungi kundagi asosiy vazifasi KQK hajmlarini saqlab qolish va uzluksiz ishlashini ta’minlashdan iborat.
“Albatta, biz muqobil yo‘llar haqida o‘ylashimiz kerak, chunki 2024 yildan keyin 100 million tonnadan ortiq mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Hozircha bizdagi imkoniyatlar ko‘p emas: Xitoy va Kaspiy dengizi orqali yo‘nalishlargina bor”, deya qo‘shimcha qilgan Akchulakov.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston so‘nggi 20 yilda neftni Kaspiy quvur konsorsiumi orqali Novorossiyskka yetkazib bergan. Ushbu quvur Qozog‘iston nefti uchun asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Quvur orqali kuniga 1,3-1,4 mln barrel neft o‘tadi.
Taqqoslash uchun, Boku–Tbilisi–Jyeyhan quvuri orqali sutkasiga atigi 30 ming barrel neft yetkazib beriladi.
Avvalroq Reuters agentligi, o‘z manbalariga tayanib, Qozog‘iston o‘z neftining bir qismini Rossiyani chetlab, Ozarboyjonning eng yirik Boku–Tbilisi–Jyeyhan neft quvuri orqali sotishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi. Unda “Kazmunaygaz” milliy kompaniyasi Ozarboyjon davlat neft kompaniyasining savdo bo‘linmasi bilan yiliga 1,5 mln tonna Qozog‘iston neftini Turkiyaning Jayhon portiga olib boruvchi quvur orqali yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib borayotgani aytilgandi.
Nega Qozog‘iston neft tashish bo‘yicha yangi yo‘nalishlar qidirmoqda?
Qozog‘iston – Yevropaga neft yetkazib beradigan asosiy davlatlardan biri. Mamlakat nefti asosan Rossiya orqali o‘tadigan Kaspiy bo‘yi konsorsiumidan oqib, Yevropa davlatlarigacha boradi.
Ammo so‘nggi bir necha oy ichida Rossiya Qozog‘iston nefti eksportining qariyb 80 foizini tashiydigan Kaspiy quvurini ikki marta to‘xtatdi, Qozog‘iston esa yukning bir qismini Kaspiy dengizidagi Aktau va Kurik portlari orqali o‘tkazdi.
Mart oyi oxirida Rossiya uchta terminaldan ikkitasini “bo‘ron tufayli” bir necha haftaga “ta’mirlash uchun” yopdi. Ular Qozog‘iston energetika vaziri va uning delegatsiyasi muzokaralar uchun Moskvaga ketganidan bir necha kun o‘tibgina qayta ochildi.
Iyul oyi boshida esa Rossiya sudi go‘yoki ekologik qoidabuzarlik tufayli gaz quvurini 30 kunga to‘xtatib turishga qaror qildi. Biroq, bir necha kundan keyin sud o‘z qarorini bekor qildi.
Shundan so‘ng, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev neftni sotish uchun Rossiyani chetlab o‘tadigan yangi yo‘nalishlar, xususan, dengizni kesib o‘tadigan yo‘nalish qurishga ko‘rsatma bergandi.
“Transkaspiy marshruti biz uchun ustuvor vazifa bo‘ladi. “KazMunayGaz”ga ushbu marshrutni amalga oshirish bo‘yicha mos keluvchi taklif tayyorlashni buyuraman. Shuningdek, Tengiz loyihasiga investorlar jalb qilishni ham. Hukumat “Samruk–Kazina” bilan hamkorlikda Atirau–Kengqiyoq va Kengqiyoq–Qumko‘l neft o‘tkazgichlarining quvvatini oshirish ustida ishlashi kerak”, degandi Qozog‘iston prezidenti.
Transkaspiy xalqaro transport marshruti neft va boshqa mahsulotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan bo‘lib, Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy akvatoriyasi, Ozarboyjon, Gruziya, Turkiya va Yevropa davlatlaridan o‘tadi, Rossiyani esa chetlab o‘tadi.
Mavzuga oid
18:47 / 18.06.2026
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda eng ko‘p ichadigan davlat bo‘lib chiqdi - tadqiqot
13:31 / 17.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vazirini qabul qildi
19:01 / 16.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon bosh vaziri bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi
20:56 / 12.06.2026