Yuriy Shevchuk armiyani «obro‘sizlantirish» ishi bo‘yicha jarimaga tortildi
DDT guruhi rahbari RF qurolli kuchlarini «omma oldida obro‘sizlantirish»da aybdor deb topildi. Shevchukning himoyasi sud qarori ustidan shikoyat qiladi.
Ufaning Sovetskiy tuman sudi 16 avgust, seshanba kuni DDT rok guruhi rahbari Yuriy Shevchukni RF qurolli kuchlarini omma oldida «obro‘sizlantirish»da aybdor deb topdi va musiqachini 50 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi. Himoya tomoni hukm ustidan shikoyat qiladi. Shevchuk sud majlisida ishtirok etmagan. O‘z bayonotida u koronavirus bilan kasallangan odam bilan aloqada bo‘lgani uchun karantinda ekanligini aytdi.
Hukm e’lon qilinishidan avval «Agora» inson huquqlari tashkiloti rahbari Pavel Chikov Yuriy Shevchukning urushga qarshi bayonotini e’lon qildi. «Men, Yuriy Shevchuk, har doim, har qanday mamlakatda va istalgan vaqtda urushlarga qarshi bo‘lganman. Men Donbassda davom etayotgan sakkiz yillik urushga va Ukrainadagi hozirgi MHAga ham qarshiman», deyiladi bayonotda.
Ufa sudi 5 avgust kuni Yuriy Shevchukning ma’muriy ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Musiqachiga bayonnoma 18 may kuni Ufadagi DDT konsertidan keyin tuzilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ish «rok musiqachisining konsert vaqtidagi provokatsion bayonotlari yuzasidan» ochilgan.
Shevchuk konsert davomida, xususan, vatan va prezident haqida gapirib o‘tgan: «Vatan, do‘stlar, bu prezidentdan iborat emas. Vatan - vokzalda kartoshka sotayotgan keksa yoshli kambag‘al ayol. Mana shu vatan». Yuriy Shevchuk, shuningdek, Ukrainadagi mojaro tufayli uning yuragi qattiq og‘riyotganini aytdi. «Biz urushga qarshimiz», dedi u.
Iyul oyida «Fontanka» nashri Yuriy Shevchuk chiqishlari rasmiylar tomonidan nomaqbul deb topilgan rossiyalik musiqachilar ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar bergan edi. Aprel oyida Tyumendagi DDT konserti bekor qilindi. Shunda Shevchuk bunga guruhning Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlash ramziga aylangan Z harfi bilan zalda chiqish qilishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan, deb taxmin qildi.
Mavzuga oid
13:00 / 21.10.2024
RFda armiyadan qochgani uchun 12 kishi fuqarolikdan mahrum etildi
09:09 / 06.08.2024
Bangladesh armiyasi muvaqqat hukumat tuzilishini e’lon qildi
20:16 / 22.07.2024
O‘zbekistonda yangi zirhli harbiy mashina ishlab chiqildi
11:01 / 26.06.2024