Navalniy jamoasi Parij va Bernni Putinning sobiq xotiniga tegishli aktivlarni musodara qilishga chaqirdi
Navalniyning safdoshlari Fransiya va Shveytsariya TIVga ushbu mamlakatlardagi ko‘chmas mulklarni olib qo‘yish iltimosi bilan murojaat qilgan. Ularga ko‘ra, ko‘chmas mulklar Putinning sobiq xotini Lyudmila va uning yangi turmush o‘rtog‘i Artur Ocheretniyga tegishli.
Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy jamoasi RF prezidenti Vladimir Putinning sobiq xotini Lyudmila Ocheretnaya va uning hozirgi turmush o‘rtog‘i Artur Ocheretniy mol-mulkini xatlovga olish talabi bilan Fransiya va Shveytsariya hukumatlariga murojaat qilgani to‘g‘risida xabar berdi. «Biz Ocheretniylarning xorijdagi ko‘chmas mulki korrupsion pullar evaziga sotib olinganini isbotladik va YeI bu aktivlarni olib qo‘yishiga umid qilamiz», — deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi (KKJ) 17 avgust, chorshanba kuni. Muxolifatchilarning so‘ziga ko‘ra, tegishli takliflar ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklariga yuborilgan.
«Ishonchimiz komilki, Putinga yaqin odamlarga nisbatan sanksiyalar siyosiy va biznes elitani uni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishga majbur qiladi. Bu uning rejimini yo‘q qilish va Ukrainada boshlangan urushni to‘xtatish uchun eng muhim qadamdir», - deya ta’kidladi Navalniyning safdoshlari. Ular Putinning sobiq rafiqasi haqidagi oldingi surishtiruv haqida eslatgan.
Avgust oyi boshida KKJ Ocheretniylar haqida film chiqardi, unda ular Moskva markazidagi Vozdvijyenka ko‘chasida shahar hokimligi tomonidan berilgan tarixiy uyga egalik qilishi bildirilgan. Surishtiruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, 2000-yillarda Lyudmila Putina o‘zi uchun maxsus tashkil etilgan «Rus tilini rivojlantirish markazi»ni boshqargan. Moskva meriyasi va prezident ishlari boshqarmasi markazga Kreml yonidagi eski uyga egalik huquqini taqdim etgan. Ikki qavat ta’mirlanib, qo‘shilgandan so‘ng, uning nomi «Shaxslararo aloqalarni rivojlantirish markazi» deb o‘zgartirildi, hozir uni Putinaning yangi eri boshqaradi.
44 daqiqalik film mualliflarining qayd etishicha, Artur Ocheretniy 10 milliard rubllik binoni rafiqasiga tegishli «Meridian» kompaniyasiga ijaraga beradi, u esa uni «Sberbank», VTB va boshqa tijorat loyihalariga subijaraga topshiradi. Navalniyning safdoshlari hisob-kitobiga ko‘ra, Lyudmila Ocheretnaya ijaradan yiliga 250 mln rubldan ortiq daromad oladi.
Surishtiruvchilar ma’lumotiga qaraganda, «Shaxslararo aloqalarni rivojlantirish markazi» Moskva meriyasi, «Gazprombank» va «Severstal»dan ham mablag‘ oladi, bu yiliga 415 mln rublga yaqin daromad keltiradi, ularni Artur Ocheretniy kompaniyasi «Meridian»ga qarz beradi. Bu pulga Artur Ocheretniy Fransiya, Shveytsariya va Ispaniya janubida kvartira hamda uylar sotib oladi. Surishtiruvchilar xorijdagi ko‘chmas mulkning umumiy qiymatini deyarli 600 mln rublga baholamoqda. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Ocheretniylar, xususan, Fransiyaning Biarritsa shahrida villaga, Shveytsariyaning Davos shahrida kvartiraga va Ispaniyaning Malaga shahrida ikkita kvartiraga egalik qiladi. Lyudmila va Artur Ocheretniy YeI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan, deya ta’kidlaydi Navalniyning safdoshlari. Buyuk Britaniya may oyida Lyudmila Ocheretnayaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Bir necha yil oldin Reutersham Putinaning Moskvadagi hashamatli uy ijarasidan tushgan daromadi haqida yozgan edi.
Mavzuga oid
21:37 / 12.11.2024
Portugaliyada Aleksey Navalniy memoriali ochildi. U Rossiya elchixonasi yaqinida joylashgan
14:10 / 14.10.2024
Jahon OAV Navalniyning xotiralaridan parchalarni chop etdi
13:10 / 05.10.2024
«Dose»: Navalniy qo‘lini tekkizgan hamma narsa koloniyadan olib chiqib ketildi
23:25 / 03.10.2024